Parijda Markaziy Osiyo madaniy merosiga bagishlangan xalqaro konferensiya o'tkazildi

Fransiya poytaxti Parij shahridagi YUNESKO bosh qarorgohida Markaziy Osiyoning boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Ushbu nufuzli anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi g‘oyasining jahon miqyosidagi amaliy va tarixiy ifodasiga aylandi. Dunyoning 300 nafardan ziyod nufuzli olimlari, ekspertlari, diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir davraga jamlagan anjumanda Movarounnahr allomalarining jahon ilm-fani hamda madaniyati rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi yuksak e’tirof etildi.
Movarounnahr ilmiy Renessansi xalqaro minbarda Konferensiya doirasida tashkil etilgan yalpi majlisda xalqaro ekspertlar islom ma’rifatining asl insonparvarlik mohiyatini keng yoritib berdilar. Tadbirda YUNESKO mas’ul vakillari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, nufuzli xalqaro tadqiqot institutlari rahbarlari hamda taniqli sharqshunos olimlar ma’ruza qildilar.
Ishtirokchilar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar qoldirgan boy qo‘lyozma merosining bugungi kunda jahon tamadduni uchun ahamiyati naqadar yuqori ekanini alohida ta’kidladilar. Xalqaro ekspertlar, jumladan, Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi rahbariyati O‘zbekistonning islom ma’rifatini sof, bag‘rikeng va ilmiy asosda dunyoga tanitish borasidagi tizimli sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar.
Bu jarayon nafaqat tarixiy merosni tiklash, balki zamonaviy dunyoda ilm-fan va ma’rifat orqali tinchlik va totuvlikni targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Noyob qo‘lyozmalar va madaniy meros ko‘rgazmasi YUNESKO qarorgohida Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tayyorlangan keng qamrovli ko‘rgazma va taqdimotlar tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida turkumidagi noyob kitoblar, faktografik albomlar va san’at namunalari namoyish etildi. Shuningdek, Toshkentda barpo etilayotgan, 3000 yillik tarixni qamrab oluvchi Islom sivilizatsiyasi markazi binosining loyihasi, muzey zallari va media-konsepsiyalari xorijlik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Parij konferensiyasi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va dunyo ilmiy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida kelishuvlarga erishildi. Xususan, Yevropa va Sharqning yetakchi kutubxonalarida saqlanayotgan yurtimizga oid nodir qo‘lyozmalarni birgalikda tadqiq etish hamda ularning raqamli nusxalarini markaz fondiga jalb etish bo‘yicha qo‘shma dasturlar amalga oshirilishi belgilandi.
Bu kabi tadbirlar O‘zbekistonning jahon madaniyati va ilm-fani markazlaridan biri sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.





