O'zbekistonda Kinematografiya agentligi tugatilib soha boshqaruvi vazirlikka o'tdi

O‘zbekistonda kinematografiya sohasini boshqarish, moliyalashtirish va filmlar yaratish tizimi tubdan yangilanmoqda. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning soha vakillari bilan uchrashuvida e’lon qilingan qarorga ko‘ra, Kinematografiya agentligi rasman tugatiladi. Endilikda davlat kino sohasida buyurtmachi rolidan voz kechib, xususiy studiyalar va ijodkorlarni subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlovchi hamkorga aylanadi.
Barcha boshqaruv vakolatlari Madaniyat vazirligiga o‘tkazilib, sohani bozor tamoyillari asosida rivojlantirishning yangi bosqichi boshlanadi. Boshqaruv tizimidagi tarkibiy o‘zgarishlar Kino sohasidagi davlat siyosatini yuritish mas’uliyati to‘liqligicha Madaniyat vazirligi zimmasiga yuklatildi.
Vazirlik tarkibida yangi Kino san’ati departamenti tashkil etiladi va uning rahbariga vazir o‘rinbosari maqomi beriladi. Mutasaddi idoralarga bir oy muddat ichida Kinematografiya agentligi hamda uning tarkibidagi tashkilotlarni tugatish jarayonini yakunlash topshirildi.
Bu o‘zgarishlar boshqaruv apparatini ixchamlashtirish va qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirishga xizmat qiladi. Yangi tizimga ko‘ra, O‘zbekfilm davlat muassasasi maqomidan chiqarilib, milliy kinokompaniya sifatida qayta tashkil etiladi.
Mazkur kompaniya o‘zi bevosita film suratga olmaydi, balki barcha ishlab chiqarish jarayonlarini to‘liq xususiy sektorga topshiradi. Milliy kinokompaniya sara loyihalarni tanlash, ularni moliyalashtirish hamda tayyor mahsulotlarni xalqaro bozorlar va nufuzli festivallarga olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi bosh operator vazifasini bajaradi.
Kelgusi yildan boshlab ushbu tuzilma faoliyati uchun davlat budjetidan doimiy mablag‘lar ajratilishi belgilandi. Moliyalashtirishning yangi mexanizmi va infratuzilma Sohadagi eng katta yangiliklardan biri bu davlat buyurtmasi tizimidan voz kechilishidir.
Endilikda filmlarni moliyalashtirishda eskicha texnik topshiriqlar va qoliplar bekor qilinadi. Davlat ijodkorlarning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiya ajratish mexanizmiga o‘tadi.
Bu esa rejissyor va ssenariy mualliflariga erkin ijod qilish imkoniyatini beradi. Moliyalashtirishning yangi tartibi bir oy ichida to‘liq ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.
Shuningdek, kino industriyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida O‘zbekfilm hududida 10 gektarlik zamonaviy Kino shaharchasi barpo etiladi. Ushbu majmuada barcha turdagi kino xizmatlari jamlanadi, jumladan, eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan dublyaj va ovozlashtirish markazlari quriladi.
Qurilish ishlari 2027-yilning bahorida boshlanishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ijodkorlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida Kohinur sihatgohi qayta tiklanib, ularning ixtiyoriga beriladigan bo‘ldi.





