Boshqirdistondagi savdo majmuasida yuz bergan yong'in oqibatida to'rt kishi halok bo'ldi

Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasi tarkibidagi Sterlitamak shahrida joylashgan Solnechniy savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasida 22-sentabr kuni yirik yong‘in yuz berdi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Mazkur mudhish hodisa oqibatida to‘rt kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana bir necha kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlarining tezkor harakatlari natijasida binodan 17 nafar fuqaro xavfsiz joyga olib chiqildi.
Hozirda mutaxassislar yong‘inning kelib chiqish sabablarini va xavfsizlik qoidalariga qay darajada rioya etilganini o‘rganmoqda. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, olov to‘rt qavatli g‘ishtin binoning yuqori qismlarida tez tarqalgan va qisqa fursat ichida ichkarini quyuq qora tutun qoplagan.
Vaziyatning keskinlashishi oqibatida binodagi odamlar orasida sarosima ko‘tarilgan. Ayrim fuqarolar qutulib qolish ilinjida yuqori qavatlardagi derazalardan sakrashga majbur bo‘lgan.
Voqea joyida bo‘lgan boshqa fuqarolar va majmua ishchilari o‘t o‘chiruvchilar kelguniga qadar jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga va ularni pastda tutib qolishga harakat qilgan. Fojia tafsilotlari va talafotlar Ushbu yong‘in shahar tarixidagi eng og‘ir hodisalardan biriga aylandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida bir oilaning uch nafar farzandi — opa-singillar borligi aniqlangan. Bu xabar mahalliy aholi orasida katta qayg‘uga sabab bo‘ldi.
Shifoxonaga yetkazilgan jabrlanganlarning ahvoli shifokorlar tomonidan nazoratga olingan, biroq ularning ba’zilari og‘ir ahvolda qolmoqda. Tibbiyot xodimlari jarohatlanganlarga zaruriy yordam ko‘rsatish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda.
Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov jarayonida savdo majmuasida yong‘in xavfsizligi talablariga qay darajada amal qilingani, yong‘inni o‘chirish tizimlarining sozligi va mas’ul shaxslarning o‘z vazifasiga mas’uliyati tekshirilmoqda.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘inga elektr simlaridagi qisqa tutashuv yoki texnika xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Yaqin kunlarda ekspertiza xulosalari e’lon qilinishi kutilmoqda.





