
2025-yil 1-sentabrdan boshlab mehnat jarayonlarini soddalashtirish va nazorat samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi matbuot xizmati ma'lumot berdi. Kichik biznes subyektlari — ya’ni xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida faoliyat yurituvchi, xodimlar soni 50 nafargacha bo‘lgan kompaniyalar uchun mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish jarayoni yengillashtiriladi.
Ko‘rsatilgan sanadan boshlab ular mehnat shartnomalarini yagona milliy mehnat tizimi orqali biometrik identifikatsiya (Face-ID) yordamida elektron shaklda tuzish va bekor qilish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, 2025-yil 1-sentabrdan davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar tartibida ham yangiliklar joriy etiladi.
Xususan, davlat mehnat inspektorlari tomonidan amalga oshiriladigan tekshiruvlar oldidan vakolatli organni oldindan xabardor qilish tartibi bekor qilinadi. Bundan tashqari, «xavf-tahlil» tizimi asosida o‘tkaziladigan tekshiruvlar boshidan kamida 10 ish kun oldin tadbirkorlik subyektlariga ogohlantirish berish tartibi davlat mehnat inspektorlari tekshiruvlariga taalluqli emas.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvardan boshlab mehnat qonunchiligi buzilishlarini avtomatlashtirilgan tarzda ko‘rib chiqish tizimi joriy etiladi. Yagona milliy mehnat tizimida qayd etilgan ma’lumotlar asosida ish beruvchi ishtirokisiz elektron ma’muriy qaror qabul qilinadi.
Ushbu o‘zgarishlar mehnat sohasidagi huquqiy munosabatlarni yanada samarali va shaffof boshqarishga xizmat qiladi.