
Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasining yangilangan qismida zamonaviy piyodalar tugmachalari bilan jihozlangan yangi turdagi svetoforlar o‘rnatiladi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Ushbu yangilik haqida berilgan surat Telegramdagi «Bez dna» guruhidan olingan. Yangi svetoforlar Turkiyada qo‘llanilayotgan tizimga o‘xshash bo‘lib, shahar aholisi uchun xavfsizlik va qulaylikni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Svetoforlardagi tugmachalar Braille shriftida yozuvlar va ko‘tarma belgilar bilan jihozlangan hamda ovozli xabarlar funksiyasiga ega. Turkiyada bunday svetoforlar va tugmachalar “aqlli shahar” dasturining muhim qismi hisoblanadi.
U yerda sun’iy intellekt texnologiyalari asosida moslashuvchan svetoforlar, magistrallarda “yashil to‘lqin” tizimi, aqlli avtoturargoh boshqaruvi va transport oqimlarini monitoring qilish tizimlari joriy etilgan. Toshkent shahrida ham yo‘l harakati sohasida sun’iy intellekt va zamonaviy boshqaruv texnologiyalarini qo‘llash orqali raqamli transformatsiya jarayonlari boshlanishi kutilmoqda.
Bu esa shahar infratuzilmasini rivojlantirish va yo‘l harakati xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.