
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida hokim Mahmud Xolbutayev va uning yordamchisi pora olish gumoni bilan ushlandi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, tumanning rahbari ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun yer maydoni ajratish evaziga pul olgan. Ma’lum bo‘lishicha, Sharof Rashidov tuman hokimligi bosh mutaxassisi qurilish kompaniyasi rahbari bilan til biriktirib, ko‘p qavatli uy qurilishi uchun yer ajratishni va’da qilgan, buning evaziga 30 ming dollar talab qilgan.
5 iyul kuni mutaxassis so‘ralgan summaning 10 ming dollarini olgan va bu pullarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tumanning hokimiga topshirgan. 8 iyulda u qolgan 20 ming dollarni ham olgan.
Natijada qurilish kompaniyasiga “Tokchilik” mahallasida 1,7 gektar yerda sakkizta ko‘p qavatli uy qurish uchun ruxsatnoma berilgan. Qiziq tomoni shundaki, ushbu hudud ilgari umumta’lim maktabi qurilishi uchun ajratilgan edi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hokim va uning yordamchisini hokimlik binosi oldida 10 ming dollarni topshirayotgan paytda ushlagan. Hozirda Sharof Rashidov tumani hokimi deputatlik huquqidan mahrum qilingan.
Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Bosh mutaxassis esa 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bo‘yicha ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Mahmud Parsamatovich Xolbutayev 2019 yil 26 oktabrdan buyon Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.