
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati tomonidan Umra safarlari tashkiloti bilan bog‘liq noqonuniy xizmatlar reklamasiga oid o‘tkazilgan ishlar natijalari haqida ma’lumot berildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Tegishli komissiya O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuni talablariga muvofiqligini tekshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari va internetdagi materiallarni o‘rganmoqda. Xususan, Umra safarlarini tashkil etuvchi tur operatorlarning reklama e’lonlari tahlil qilindi.
Natijada, Navoiy va Samarqand viloyatlarida “A-HELLO”, “SM Tower Tour” hamda “RAYXONA TOUR” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari litsenziya hujjatlarisiz reklama tarqatgani aniqlanib, ularga moliyaviy jarimalar qo‘llanildi. Shuningdek, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida Telegram-kanallar hamda Instagram profillarining egalarida ham reklama qonunbuzarliklari aniqlandi.
Ushbu kanallar va profillar administratorlari, jumladan “Umra safari 2025”, “Makka madina Sayohat”, “Saudiyaga Sayohat Muhammadyusuf”, “iamalimusim”, “IYMONA TRAVEL”, “HIKMAT TRAVEL” hamda “Makka va Madinaga Ziyorat” nomli sahifalar javobgarlikka tortildi. Bundan tashqari, “Tashabbus travel” MChJ mansabdor shaxslari ham reklamaga oid qonunbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka jalb qilindi.
Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.