Sankt-Peterburg O‘zbekistonda banket o‘tkazadi

Sankt-Peterburg ma’muriyati O‘zbekistonda rasmiy qabul tadbirini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Ushbu tadbir uchun ajratilgan byudjet 1,5 million rublni, ya’ni taxminan 234 million so‘mni tashkil etadi. Mablag‘lar gubernator Aleksandr Beglov ishtirokidagi banket uchun sarflanadi.
Xaridlar haqida ma’lumot Sankt-Peterburg tashqi aloqalar qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan va bu yangilik ZakS.ru portali jurnalistlarining e’tiborini tortgan. Tanlov g‘olibi bo‘lgan pudratchi 80 kishilik ikki soatlik banketni tashkil qilishi shart.
Menyuda turli xil taomlar, jumladan, go‘shtli va baliqli taomlar, issiq ichimliklar, salatlar hamda shirinliklar bo‘ladi. Maxsus talab sifatida menyuda Sankt-Peterburg oshxonasining uchta an’anaviy taomi kiritilishi lozim: Gatchina foreli, shampan vinosida sterlyad baliqi va anchous bilan shnelklops.
Shu bilan birga, menyuda cho‘chqa go‘shti ishlatilishi qat’iyan taqiqlanadi. Mehmonlarga shuningdek, vino, aroq va konyak kabi spirtli ichimliklar ham taklif etiladi.
Sankt-Peterburg delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi aniq sanalari hozircha oshkor qilinmagan.