
Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati tomonidan noqonuniy faoliyat to‘xtatib qo‘yilgani haqida xabar berildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan maxsus tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida 1966 yilda tug‘ilgan Xonqa tumanining bir aholisi o‘z uyida qimor o‘yinlari uyushmasini tashkil qilgani aniqlandi.
Tadbir vaqtida uning uyida Xonqa, Qo‘shkupir va Yangiyer tumanlari, shuningdek, Xiva shahri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan kelgan jami 9 kishi bo‘lgan. Ular pul tikib qimor o‘ynashgan.
Shuningdek, 37,5 million so‘m va 4100 AQSh dollari miqdorida pul tikish uchun ishlatilgan mablag‘lar aniqlanib, musodara qilindi. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qimor uyushmasini tashkil etgan shaxs 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.