
Uzenergoinspektsiya matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, avtomobil gaz quyish stantsiyasining faoliyatida qonunbuzarliklar aniqlandi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari tomonidan “G.U.I.” MChJga qarashli suyuq gaz sotish bilan shug‘ullanuvchi avtomobil gaz quyish stantsiyasida tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv jarayonida ushbu stantsiyada iste’molchilarga suyuq gaz davlat tomonidan belgilangan taqqoslash nazoratidan o‘tmagan uskunalar orqali sotilgani aniqlangan.
Bu esa, yoqilg‘i miqdorida noaniqliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Mazkur holat bo‘yicha gaz quyish stantsiyasiga moliyaviy jarima qo‘llanilib, jami 245 million so‘m miqdorida mablag‘ undirildi.
Jarima miqdori, qonunbuzarlik bilan sotilgan suyuq gaz qiymatining 50 foizi asosida hisoblandi. Ushbu chora-tadbirlar yoqilg‘i xavfsizligi va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida amalga oshirildi.