
Toshkent shahrida yo‘l harakati qoidalarini 350 dan ortiq marta buzgan ayol aniqlanganligi haqida Majburiy ijro byurosi xabar berdi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Umumiy hisobda buzilishlar soni 354 taga yetgan. Fuqaroda yo‘l harakati qoidalarini buzishdan tashqari boshqa qarzdorliklar ham mavjud edi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar summasi 258,7 million so‘mni tashkil etadi. Ayolning avtomobili bankda garov sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lib, avtomobil markasi Jetour hisoblanadi.
Toshkent shahar Majburiy ijro byurosiga Jetour avtomobil egasiga oid 370 ta ijro hujjati kelib tushgan. Ularning umumiy summasi 328,71 million so‘mni tashkil etadi.
Ulardan 354 tasi to‘lanmagan jarimalarni undirish bo‘yicha, jami 258,7 million so‘m; 14 tasi soliqlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bo‘yicha, jami 51,82 million so‘m; shuningdek, Mirzo-Ulug‘bek tumanlararo fuqarolik ishlari sudining 2025 yil 17 iyuldagi qaroriga asosan, 18,2 million so‘m kredit qarzini undirish bo‘yicha 1 ta ish mavjud. Ushbu ishlar 2024 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda kelib tushgan.
Hozirda 370 ta ijro hujjati bo‘yicha ijro harakatlari olib borilmoqda. Fuqarodan qarzdorliklarni to‘lash talab qilinadi.
Mas’ul idoralar ushbu ishni nazoratga olgan.