
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmatida yo‘l-transport hodisasi yuzasidan ma’lumot berildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Joriy yilning 7-sentabr kuni soat taxminan 21:30da Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. BYD rusumli avtomobil haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini buzib, ruxsat etilgan tezlikdan oshib ketgan va boshqaruvni yo‘qotgan.
Natijada, avtomobil svetoforning ustuniga urilgan. Zarba ta’sirida avtomobil aylana boshlagan va transport vositasiga jiddiy texnik zarar yetkazilgan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Hozirda ichki ishlar organlari xodimlari voqea yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Surishtiruv natijalari asosida hodisaning barcha tafsilotlari aniqlanadi. Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi barcha yo‘l qatnashchilarini yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga hamda tezlikni oshirmaslikka chaqiradi.