
Yashnobod tumani hududida yo‘l harakati qoidalarini buzgan fuqaro ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Shahar IIBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yaqinda Yashnobod tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimi tomonidan “Spark” rusumli avtomobil to‘xtatildi. Avtomobil boshqaruvida bo‘lgan fuqaro haydovchilik guvohnomasiga ega emas edi.
Shu sababli unga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining “Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlarsiz transport vositasini boshqarish” moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma tuzildi. Avtomobil esa Yashnobod tumanidagi jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Hujjatlar rasmiylashtirilgach, avtomobildagi yo‘lovchi, haydovchining katta akasi bo‘lib chiqdi, yo‘l-patrul xizmati xodimiga nisbatan tajovuzkorlik qilgan, haqorat qilgan va hatto jismoniy kuch qo‘llagan. Surishtiruv davomida u kichik akasini avtomobil boshqarishga o‘rgatgani ma’lum bo‘ldi va qo‘llangan jazo chorasi unga ma’qul kelmagan.
Shu sababli ushbu shaxs ushlangan va Yashnobod tumani ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan. Tuman prokuraturasi tomonidan unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “Hokimiyat vakiliga yoki fuqarolik burchini bajaruvchi shaxsga qarshilik ko‘rsatish” moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Unga qamoqqa olish chorasi qo‘llanildi.