
Xitoy va O‘zbekiston shaharlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirayotgan aviakompaniyalar soni yettigacha yetdi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
China Eastern Airlines muntazam reyslarni bajarish uchun rasmiy ruxsat oldi. Bu haqda “Uzaviatsiya” agentligining matbuot xizmati xabar berdi.
“Uzaviatsiya” agentligi Xitoy aviakompaniyasiga Sian — Toshkent — Sian yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar amalga oshirishga ruxsat berdi. Aviakompaniya ushbu yo‘nalishda A320-251N turidagi samolyotlarda parvoz qiladi.
Hozirda Loong Air aviakompaniyasi haftada uch marta, ya’ni seshanba, payshanba va shanba kunlari Toshkentdan Sianga reyslar amalga oshirmoqda. Shuningdek, avvalroq yana bir yirik Xitoy aviakompaniyasi Air China’ga O‘zbekistonga muntazam parvozlar uchun ruxsat berilgani ma’lum qilingan edi.
Hozirda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri 29 reys beshta aviakompaniya tomonidan amalga oshirilmoqda. China Eastern Airlines va Air China faoliyat boshlashi bilan ikki davlatni bog‘lovchi aviakompaniyalar soni yettiga yetadi.