
Marg‘ilonda yuzaga kelgan voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Farg‘ona viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 2025 yil 10 may kuni Zuxro ko‘chasida Lacetti rusumli avtomobilning haydovchisi, 55 yoshli ayol (1970 yilda tug‘ilgan), ko‘p qavatli uy hovlisida uch yoshli bolaga (2022 yilda tug‘ilgan) urib yuborgan. Ayol bolani ko‘rmay qolgan va to‘qnashuvdan keyin voqeani sezmay, harakatini davom ettirgan.
Yuz bergan yo‘l-transport hodisasi natijasida bola turli darajadagi jarohatlar olgan. Hozirda uning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Harakatlanish xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117-moddasi (Xavfli vaziyatda qoldirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish materiallari sudga topshirilgan.
Haydovchi uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.