
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, giyohvand moddalarni saqlash holati aniqlangan. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Joriy yilning 15 iyul kuni soat 00:35 da Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan “Sharq” yo‘l-patrul postida DPS xodimlari tomonidan “Spark” rusumli avtomobil to‘xtatildi. Avtomobil poytaxt hududiga kirayotgan edi.
Haydovchining hujjatlari tekshirilganda, avtomobildagi yo‘lovchilardan birining harakati ichki ishlar organlari xodimlarida shubha uyg‘otdi. Shundan so‘ng transport vositasida qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish qarori qabul qilindi.
Tekshiruv natijasida gumon qilingan shaxsdan “gashish” nomli narkotik modda topildi. Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Jinoyatga aloqador shaxs ushlanib, Bektemir tumani IIBga olib borildi. Hozirda tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ichki ishlar organlari fuqarolardan qonuniylikni ta’minlashda hamkorlik qilishni so‘ramoqda. Narkotik moddalarga qarshi kurash doimiy ravishda davom ettiriladi.