O'zbekistonda yoz fasli beqaror va o'rtacha iliq ob-havo bilan boshlanadi

O'zgidromet mutaxassislarining xabar berishicha, 2026-yilning yoz fasli mamlakatimizda beqaror va o'rtacha iliq ob-havo sharoitlari bilan boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Sinoptiklar tomonidan taqdim etilgan dastlabki prognozlarga ko'ra, iyun oyining ilk kunlarida ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg'ir yog'ishi hamda momaqaldiroq bo'lishi ehtimoli mavjud. Shu bilan birga, iyun oyining dastlabki uch kunligida respublika bo'ylab shamol tezligi soniyasiga 15–20 metrgacha kuchayishi mumkinligi haqida ogohlantirilmoqda.
Havo harorati esa kechalari 15–20 daraja, kunduz kunlari esa 30–35 daraja atrofida bo'lishi taxmin qilinmoqda. Oy davomida harorat ko'rsatkichlari bosqichma-bosqich ko'tarilib boradi.
Oyning oxiriga borib, tungi harorat 18–23 darajagacha, kunduzgi issiqlik esa 34–39 darajagacha yetishi mumkin. Ayniqsa, respublikamizning shimoliy va janubiy viloyatlarida, shuningdek, cho'l hududlarida ayrim kunlari havo harorati 40–42 darajagacha isishi kutilmoqda.
Ko'pchilikni qiziqtirayotgan savol shuki, bu yilgi yoz fasli o'ta issiq bo'ladimi? Mutaxassislar bu borada aniq bir to'xtamga kelish hozircha mushkul ekanini ta'kidlamoqdalar.
Biroq xalqaro iqlim markazlarining ma'lumotlariga ko'ra, Tinch okeanida suv haroratining keskin ko'tarilishi bilan bog'liq bo'lgan El-Nino hodisasining dastlabki belgilari kuzatilgan. Bu tabiiy jarayon global miqyosda havo harorati oshishiga sezilarli ta'sir ko'rsatishi mumkin.
Hozirda iqlim tizimi neytral holatda deb baholanayotgan bo'lsa-da, okean suvlari haroratining tez sur'atlarda ko'tarilishi 2026-yil yozining issiq kelishi haqidagi taxminlarni kuchaytirmoqda. O'zgidrometning dastlabki xulosalariga ko'ra, joriy yilda yozning o'rtacha harorati belgilangan me'yorlardan biroz yuqori bo'lishi mumkin.
Mavsum davomida ekstremal issiq kunlar kuzatilishi ehtimoli ham juda yuqori deb baholanmoqda. Xususan, yozning eng qizigan pallasida havo harorati 42–44 darajagacha, janubiy va cho'l hududlarida esa 45–47 darajagacha ko'tarilishi mumkinligi aytilmoqda.
Ma'lumot uchun, Toshkent shahrida iyun oyida qayd etilgan eng yuqori harorat 43 darajani tashkil etgan. O'zbekiston bo'yicha mutlaq rekord ko'rsatkich esa 1914-yilda Termiz shahrida kuzatilgan bo'lib, o'shanda issiqlik 49,6 darajaga yetgan edi.
So'nggi besh yillik tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, respublikamizda iyun oyi harorati me'yordan o'rtacha bir yarim-ikki darajaga yuqori bo'lib kelmoqda.





