NASA Oy yuzasida ulkan yangi krater hosil bo'lganini aniqladi

Milliy aeronavtika va koinotni tadqiq qilish boshqarmasi (NASA) mutaxassislari Oy yuzasida so‘nggi yillarda kuzatilgan eng yirik yangi krater hosil bo‘lganini aniqladilar. Bu haqda One.uz xabar beradi.
Diametri taxminan 222 metrni tashkil etuvchi ushbu ulkan chuqurlik 2024-yilning bahorida olti qavatli bino kattaligidagi koinot jismining qulashi natijasida vujudga kelgan. Olimlar tomonidan Makgetchin deb nomlangan mazkur obyekt Yer tabiiy yo‘ldoshini o‘rganish tarixidagi eng muhim topilmalardan biriga aylandi.
Ushbu hodisa Oy yuzasining tashqi ta’sirlarga qanchalik zaif ekanini yana bir bor tasdiqladi. To‘qnashuv vaqti va ko‘lami Koinotdagi ushbu to‘qnashuv sodir bo‘lgan lahzani hech kim bevosita kuzatmagan.
Yangi krater o‘tgan yilning oktyabr oyida, Oy atrofida 17 yildan buyon tadqiqot olib borayotgan Lunar Reconnaissance Orbiter (LRO) kosmik apparati tomonidan olingan suratlar orqali tasodifan topilgan. Tasvirlarni qayta ishlash bo‘yicha mutaxassis Robert Vagner odatiy tekshiruv jarayonida xaritada qora halqa bilan o‘ralgan noodatiy yorug‘ nuqtani payqab qolgan.
Turli yillarda olingan suratlarni o‘zaro taqqoslash natijasida olimlar halokat 2024-yilning 11-apreli va 22-mayi oralig‘ida sodir bo‘lgan degan xulosaga keldilar. Yirik osmon jismi Oyning ko‘rinadigan qismining sharqiy hududiga kelib urilgan.
Hosil bo‘lgan Makgetchin kraterining chuqurligi qariyb 43 metrga yetadi. Mazkur obyekt taniqli oy tadqiqotchisi Tom Makgetchin sharafiga shunday ataldi.
Mutaxassislarning baholashicha, bunday miqyosdagi to‘qnashuvlar Oyda yuz yilda bir marta yoki undan ham kamroq uchraydi. Oy yuzasining yuqori darajada himoyasizligiga uning amalda havo qatlamiga ega emasligi asosiy sababdir.
Yerda kichik koinot jismlari atmosfera qatlamiga kirganda ishqalanish natijasida sekinlashadi, parchalanadi va ko‘pincha butunlay yonib ketadi. Oyda esa ularning sirtga katta tezlikda urilishiga deyarli hech narsa to‘sqinlik qilmaydi.
Ilmiy ahamiyati va kelajakdagi tadqiqotlar LRO apparati ish boshlaganidan buyon tadqiqotchilar mingdan ortiq yangi zarba kraterlarini va boshqa o‘zgarishlarni qayd etishgan. Biroq Makgetchin o‘zining o‘lchamlari bilan ularning barchasidan sezilarli darajada ajralib turadi.
Apparatga o‘rnatilgan maxsus issiqlik o‘lchash moslamasi yordamida olimlar krater atrofida diametri 6,4 kilometrga teng bo‘lgan ulkan hududni aniqlashdi. Ushbu hudud tunda atrofga nisbatan taxminan 9 daraja sovuqroq ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Kuchli zarba oy tuprog‘ini uzoq masofada yumshatib yuborgani sababli, bo‘shashgan qatlam kunduzi to‘plangan issiqlikni saqlab qola olmaydi va quyosh botgandan keyin tezroq soviydi. Bu kabi kashfiyotlar kelgusida Oyga yuboriladigan missiyalar uchun muhimdir.
Xususan, bu ma’lumotlar oyda harakatlanuvchi apparatlar g‘ildiraklarining tuproq bilan yopishish darajasini aniqlashda amaliy ahamiyatga ega bo‘ladi.





