Makron yoqilg'i inqirozi sababli yirik davlatlar rahbarlarini yig'ilishga chaqirdi

Jahon energetika bozori va G‘arb davlatlari so‘nggi yillarning eng og‘ir iqtisodiy zarbasiga duch keldi. Bu haqda One.uz xabar beradi.
AQSH va Yevropa yetakchilari neft hamda gaz muammolari bilan bir qatorda, dizel yoqilg‘isi narxining rekord darajada ko‘tarilishi sababli favqulodda chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Vaziyat murakkablashgani bois, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron strategik zaxiralardan qo‘shimcha yoqilg‘i ajratish masalasini kelishib olish uchun Katta yettilik davlatlari rahbarlarini shoshilinch yig‘ilishga chaqirdi.
Nufuzli nashrlar va yirik neft korporatsiyalari rahbarlarining ta’kidlashicha, global yoqilg‘i inqirozi allaqachon boshlanib bo‘lgan. Birja narxlari ma’lum darajada barqaror ko‘rinsa-da, real bozorda xomashyo narxi kutilganidan ancha yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda.
Neft bozoridagi keskin o‘zgarishlar va narxlar tafovuti Xalqaro energetika bozorida birja kotirovkalari va jismoniy yetkazib berish narxlari o‘rtasida katta farq yuzaga keldi. Masalan, birjada Brent navli neft narxi 104-109 dollar atrofida tebranayotgan bo‘lsa, real bozorlarda xomashyoning bir barreli 130 dollardan 150 dollargacha sotilmoqda.
Hatto xalqaro cheklovlar ostida bo‘lgan Rossiya nefti ham bozorda 100 dollardan qimmatroq baholanmoqda. Bu holat jahon iqtisodiyoti uchun qo‘shimcha bosim yaratib, ishlab chiqarish va transport xarajatlarining keskin ortishiga olib kelmoqda.
Saudiya Arabistonining neft infratuzilmasiga yetkazilgan zarar vaziyatni yanada og‘irlashtirdi. Xususan, neftni strategik yo‘nalishlar bo‘yicha yetkazib beruvchi asosiy quvurlardagi nasos stansiyalarining ishdan chiqishi ta’minot zanjirini uzib qo‘ydi.
Saudiya Arabistonining Aramco davlat kompaniyasi kuz oylarida ayrim yevropalik mijozlarga eksportni to‘xtatishi haqida ogohlantirdi. Buning natijasida Yevropa kompaniyalari, jumladan, Polshaning Orlen korxonasi zudlik bilan muqobil yo‘nalishlarni va qo‘shimcha tankerlarni izlashga majbur bo‘ldi.
Energiya resurslari taqchilligi va qishki xavotirlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari nafaqat neft, balki gaz va ko‘mir ta’minoti bo‘yicha ham jiddiy xavotirda qolmoqda. Garchi Niderlandiyaning TTF xabida gaz narxi biroz pasayib, ming kubometr uchun 963 dollar atrofida bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich baribir yuqoriligicha qolmoqda.
Suyuqlantirilgan tabiiy gaz bozorida Osiyo va Yevropa davlatlari o‘rtasida kuchli raqobat boshlangan. Osiyo mamlakatlari yuqoriroq narx taklif qilayotgani sababli, Yevropaga yo‘naltirilgan gaz hajmi kamayishi ehtimoli mavjud.
Kutilayotgan qish mavsumi G‘arb sanoati uchun haqiqiy sinov bo‘lishi bashorat qilinmoqda. Yoqilg‘i tanqisligi va narxlarning yuqoriligi ishlab chiqarish korxonalari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Hozirda davlatlar energetika xavfsizligini ta’minlash uchun yangi yo‘nalishlarni qurish va strategik zaxiralarni tejab ishlatish choralarini ko‘rmoqda. Biroq global bozordagi beqarorlik va ta’minot zanjiridagi uzilishlar yaqin oylarda energiya narxlarining pasayishidan umid qilishga asos bermayapti.





