Bugun
Naoya Inoue sentyabrdagi Murodjon Ahmadaliyev bilan bo‘ladigan jang haqida nimalar dedi?
+12°
дымка ветер 3.1 м/с, ЮВ

Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom tsivilizatsiyasi markazidagi ishlar bilan tanishdi

Jamiyat 21:00, 30-01-2025 5
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom tsivilizatsiyasi markazidagi ishlar bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni Oʻzbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Bu majmua tariximizda ilgari boʻlmagan ulkan va noyob loyihadir. Bugungi kunda muhtasham bino qad rostlab, qurilish yakuniy bosqichga kirgan.

Ushbu markaz Prezidentimizning 2017 yil 23 iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni davlatimiz rahbari uning poydevoriga tamal toshi qoʻygan edi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.
Bagʻoyat ulugʻvor markaz binosi uch qavatni tashkil etib, qadimgi me'moriy obidalarimiz shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uygʻunligi unga alohida koʻrk va salobat bagʻishlagan. Majmuaning toʻrt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, oʻrtada 65 metrli gumbaz qurilgan.

Markazning eng asosiy qismida Qur'oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu erda musulmon dunyosining ma'naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mushafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, Oʻzbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski oʻzbek tilidagi tarjimalari qoʻyiladi. Jahondagi eng nodir qoʻlyozma Qur'onlardan namunalar ham oʻrin oladi.

– Xalqimizning boy va betakror merosiga oid koʻp kitoblar, turli oʻlkalarga sochilib ketgan qoʻlyozmalar, noyob ma'lumotlar, san'at asarlari, afsuski, bizga noma'lum edi. Mana shu markaz sabab boʻlib tarixni oʻrganishda katta qadamlar qoʻydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning ta'siri, natijasi qanday boʻladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy iste'molga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda etkazish, jahon jamoatchiligiga keng targʻib qilish kerak. Bu dargoh nafaqat oʻtmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bogʻlaydigan, taraqqiyotimizning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi boʻlishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Majmuada “Islomdan avvalgi tsivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “Oʻzbekiston XX asrda”, “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans” kabi boʻlimlar tashkil etiladi. Prezidentimiz ularning ilmiy kontseptsiyasi, yaratilgan sharoitlarga alohida e'tibor qaratdi.

Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qoʻlyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Fargʻoniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Margʻinoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma'lumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoʻja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma'rifatiga qoʻshgan hissasi atroflicha yoritilgan.

Ayni vaqtda majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadan, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-ma'rifat homiysi sifatidagi faoliyati ham oʻz ifodasini topgan. Bu ekspozitsiya bugungi qizlar uchun ibrat namunasi boʻlib xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari markazning faoliyati va ahamiyati haqida toʻxtaldi.

– Islom tsivilizatsiyasining, islom ta'limotining zamini – aslida ilm-fan, madaniyat, ta'lim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh gʻoyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni – yurtimizdagi islom madaniyati bilan bogʻliq bir necha ming yillik qadimiy oʻtmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam boʻladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol koʻrib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bagʻrikenglik dini ekanini, oʻzbek xalqining dunyo tamadduniga qoʻshgan buyuk hissasini anglaydi, – dedi Prezident.

Ana shu vazifadan kelib chiqqan holda, markazda ulugʻ ajdodlarimiz merosini chuqur tadqiq qilish, uni bugungi kunning oʻtkir muammolariga javob bera oladigan hayotbaxsh kuchga aylantirish zarurligi ta'kidlandi. Buning uchun Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi va boshqa xalqaro ilmiy-ma'rifiy tashkilotlar faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, birgalikda zamonaviy tahdidlarga munosib ilmiy javoblar topish, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish kerak.

– Nasib etsa, bu majmua oʻzimizning me'moriy tajribamiz, Yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlik maktabi, ilmiy-ma'naviy salohiyatimiz ramzi sifatida tarixga kiradi. Har bir boʻlimning mazmun-mohiyati ayni shu maqsadga qaratilishi lozim. Chet eldagi mashhur muzey va kutubxonalar, nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani, kitoblar, maqolalar nashr etilayotgani e'tiborga loyiq. Bu ishlar doimiy va ilmiy asosga ega boʻlishi uchun ishni rejali tashkil qilish kerak. Bosh maqsadimiz – milliy oʻzligimizni anglash va anglatish, – dedi davlatimiz rahbari.

Markaz tomonidan bir qator xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar, jumladan, YuNESKO, AYSESKO bilan yaqin hamkorlik oʻrnatildi. 2024 yil avgustda Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongress oʻtkazildi. Unda 35 ta davlatdan 200 ga yaqin xorijiy olimlar qatnashib, markaz boʻyicha qimmatli taklif va tavsiyalar bildirdi.

Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida Shavkat Mirziyoyev markaz faoliyatini tashkil etish, uning ma'no-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur koʻrsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari shu erda Toshkentning turizm salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot bilan ham tanishdi.

Bunday loyihalar koʻp joylarda boshlangan. Bektemir, Mirzo Ulugʻbek, Mirobod, Yunusobod, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida 7/24 tartibida ishlaydigan oʻnlab sayyohlik manzillari tashkil etilgan.

Toshkentning eski shahar hududi oʻziga xos tarixiy ahamiyatga ega. Bu erga yilning barcha mavsumida xorijiy sayyohlar koʻp keladi. Shu bois hudud turizm xizmatlariga ixtisoslashtirilmoqda. Jumladan, oʻtgan yili Chorsu bozori yonidagi Gulbozor mahallasida shunday koʻcha tashkil etilgandi. Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi ham obodonlashtirilmoqda.

Endi bularga uygʻun ravishda gastronomik va turizm koʻchalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 17 ta koʻcha va 32 ta berk koʻcha tanlab olingan. Ularda Eski shaharning oʻziga xos me'moriy qiyofasini saqlab qolgan holda, qoʻshimcha infratuzilmalar yaratiladi.

Buning natijasida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 250 taga koʻpayadi, 1 ming 500 ta ish oʻrni ochiladi. Muhimi, kunlik sayyohlar soni hozirgi 4 mingtadan 11 mingtaga koʻpayishi kutilmoqda.

Mutasaddilarga tadbirkor va hunarmandlar uchun qulayliklarni koʻpaytirish, sayohatlarni mazmunli va qiziqarli tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

O‘xshash yangiliklar

Afra Sarachoʻgʻli bilan ishqiy munosabatlari oshkor boʻlgan Mert Ramazon Demir 27 yoshda
Afra Sarachoʻgʻli bilan ishqiy munosabatlari oshkor boʻlgan Mert Ramazon Demir 27 yoshda
Yosh boʻlishiga qaramay nafaqat vatani Turkiyada, balki boshqa davlatlarda ham mashhurlikka erishgan aktyor Mert Ramazon Demir joriy yil 28 yanvar kuni 27 yoshni qarshi oldi. Quyida “Qoʻrgʻon
Madaniyat 21:05, 30-01-2025
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qanday qonun hujjatlari qabul qilindi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qanday qonun hujjatlari qabul qilindi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingan qator hujjatlar Oliy Majlis Senatiga yuborildi, deya xabar berdi quyi palata matbuot xizmati. Oliy Majlis Qonunchilik
Oʻzbekiston 23:51, 26-01-2025
Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qoʻydi (foto)
Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qoʻydi (foto)
Foto: Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Toshkent shahridagi Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qoʻydi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati. Marosimda Oliy
Jamiyat 21:00, 30-01-2025
Milliy tibbiyot markazida noyob jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi
Milliy tibbiyot markazida noyob jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi
Milliy tibbiyot markazida noyob rekonstruktiv jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Markazning malakali ortoped jarrohlari tomonidan qilingan amaliyot davomida chap kichik boldir
Foydali 23:23, 13-01-2025
Chempionlar ligasi. «Manchester Siti»ni oʻtish oʻyinlarida «Real» yoki «Bavariya» kutadi
Chempionlar ligasi. «Manchester Siti»ni oʻtish oʻyinlarida «Real» yoki «Bavariya» kutadi
30 yanvarga oʻtar kechasi bir vaqtda oʻtkazilgan 18 ta oʻyindan keyin Chempionlar ligasi guruh bosqichining 36 klubdan iborat yakuniy jadvali shakllandi. Dastlabki sakkiz oʻrinni egallagan jamoalar
Sport 20:40, 30-01-2025