Bugun
Niko O'Reyli Manchester Sitini Angliya kubogi finalida g'olib qildi
+19°
пасмурно ветер 2.1 м/с, Ю

Gʻulomjon Yoqubov qoʻshiq talashayotgan xonandalar va oʻzini oʻldiga chiqarayotganlar haqida

Madaniyat
129
Gʻulomjon Yoqubov qoʻshiq talashayotgan xonandalar va oʻzini oʻldiga chiqarayotganlar haqida
Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Gʻulomjon Yoqubov 1 mart kuni 75 yoshni qarshilaydi. U qoʻshiqchi nabirasi, 25 yildan buyon kontsert berishi, qoʻshiq talashish ongsiz odamlarning ishi ekani va uni oʻldi deya yolgʻon xabar tarqatganlar haqida “Daryo”ga intervyu berdi.

Gʻulomjon Yoqubov 50 yildan ortiq vaqtdan buyon san'atda. U 25 yildan buyon doim 1-2 mart kunlari kontsert berib, tugʻilgan kunini muxlislari davrasida nishonlaydi.

— Tugʻilgan kunimda menga koʻpchilik bilan u er bu erda oʻtirib bazm qilish ma'qul emas, uni oʻrniga sahnada kuylasam, xalq meni eshitsa, dardlarimni toʻkib sochsam, deyman. Kimdir restoranni ma'qul koʻrar, lekin menga muxlislar bilan boʻlish yoqadi. Endi bu yil tavallud kunim Ramazon oyining ilk kuniga toʻgʻri kelayotgani sababli, bu oyning hurmatidan kontsertni bir kun avvalga koʻchirdik, ertasiga esa yaqinlar bilan iftorlik qilamiz, deydi ustoz xonanda.

Foto: “Daryo”
Gʻulomjon Yoqubov farzandlari san'atkor boʻlishiga tish-tirnogʻi bilan qarshi boʻlgan. Ammo nabiralarga bu sohaga kirishga ruxsat berdi. Uning oʻgʻil nabirasi bir necha kontsertlarda qoʻshiq kuylab chiqayotgan boʻlsa-da, bu yigit san'atkorning nabirasi ekanligi haqida ommaga aytilmadi.

— Qoʻshiqchi nabiram haqida hech qayerda gapirmasligimning sababi koʻz tegmasin deyman. U hali goʻdak, ovozi oʻzgarishi bor. Yoshligidan tanilgan qanchadan qancha mashhur xonandalar bor, ovozi bilan dunyoni hayratga solgan. Ammo bir ozdan soʻng ovozi oʻzgarib ketgan. Hali yosh bolaning ovozi rasta boʻladi, shu jarayondan oʻtib olgani — hisob. Bu yilgi kontsertda chiqish qilmaydi, ovozi oʻzgaryapti. Bunday vaqtda ovozni asrab turish kerak, deydi Gʻulomjon Yoqubov.

Foto: Skrinshot
Xalq artisti oʻzining qoʻshiqlarini boshqa xonandalar kuylashiga qanday qaraydi?

— Yorqinxoʻjaga ruxsat berdim, “Dilorom”ni kuyladi. Cover'da ham oʻzim oʻtirgandim, menga yoqdi, boʻldi, kuylayver, dedim. Qayerga borsak ham birgalikda aytib beringlar, deyishadi. U qanday aytgan boʻlsa, men ham unga qoʻshilib cover qilib aytib beraman. Bunga hech qarshiligim yoʻq, faqat qoʻshiqni buzib tashlamasa bas. Hech kim kuylamasin, deyish notoʻgʻri, dedi san'atkor.

Hozir avj olayotgan qoʻshiq talashish, ustoz san'atkorlarning qoʻshigʻi kuylansa, taqiq qoʻyish kabilarga Gʻulomjon Yoqubov nima deydi?

— San'at — xalqniki. Xalqning ichidan chiqdimi, unga berish kerak. Qoʻshiq qayta kuylansa, koʻproq yashaydi, hech kim aytmagandan keyin bora-bora yoʻq boʻlib ketadi. Bu qoʻshiqni sen kuylama deyish ongsiz odamlarning fikri, ongsiz odamlarning da'vati. Oʻsha gapni gapirganlar — eng ongsiz odamlar! Ularni faqat ongsiz deb oʻylayman. Ular fahm-farosati yoʻq odamlar! Bemalol aytaverish kerak, faqat qoʻshiq buzilmasa boʻlgani. Men hammaga qoʻshiqlarimni aytishga ruxsat beraman, ma'qul kelgan boʻlsa, bemalol, dedi xalq artisti.

Odamlarning san'atga munosabati bugun qanchalik oʻzgargan? Bugungi shou-biznesning ahvoli haqida san'atkor quyidagicha fikrda:

— Bizga maqom maktab paytidan oʻrgatilgan. Hozirgilar shov-shuvni orqasidan ergashadi. Bu oʻzbek san'ati emas, shou-biznes, pul topish yoʻli. Qoʻshiqda oʻzbek ohangi, nolasi va dardi, avji boʻlishi kerak. Bugungi qoʻshiqlarda dard yoʻq, nola yoʻq. Bitta gapni qaytaveradi, “ura-ura” qilib bir narsani aylantiraveradi. Oʻtirgandayam, yotgandayam shu qoʻshiq, klipi ham aylanaveradi. Yosh bolaning qulogʻi xohlasa, xohlamasa shuni eshitadi. Menga necha marta hakam boʻling deyishadi. Bormayman, chunki undaylarni eshitib gʻashim keladi. Qaysi birini maqtay olaman keyin? Ovozi mustahkam yigit-qizlar bor, oʻshalarni qoʻllab-quvvatlash kerak. “Shaldir-valdir”lar nimaga kerak? Men 20-30 yildan beri qarab yuribman — besh yil chiqadi yoʻq boʻladi, uch yil chiqadi yoʻq boʻladi. Lov etib yonib, puf etib oʻchadi. Oʻzbekning san'ati tamoman boshqacha! Ba'zi qoʻshiqlarga quloqni yopib olish kerak, umuman eshitib boʻlmaydi. Lekin aynan shularga oʻrtaga tushib olib oʻynashadi, yoshlarni buzyapti bular. Toʻy deb faqat bir xil narsa qilish kerakmas, deydi xalq artisti.

Foto: Skrinshot
Bir necha oy ilgari Gʻulomjon Yoqubov haqida tarqalgan yolgʻon noxush xabar koʻpchilik singari san'atkorning oʻziga ham qattiq botdi...

— Hayotda har xil odam bor, ajrata olmaysiz. Tirik odamni oʻldi deyish nimaga toʻgʻri keladi? Men birovni bekordan bekorga oʻldi deb gap tarqatsam, menga Xudo koʻrsatadi. Bu bir misol. Avval tekshirish kerak, rost boʻlsa keyin aytish kerak. Orqadan valdir-vuldir gap nega kerak? Bu noxush xabar qalbimga ogʻir botdi. Tushunsa tushunmasa, yana shunday xabar tarqatishyapti. Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi. Ularga gapirishning foydasi yoʻq ekan, insof bersin. Meni “oʻldi”ga chiqarishsa ham, ijodimni qilib kelyapman. Shunday deganlarga ham umr tilayman. Ijodimni toʻxtatmoqchimasman, umrimning soʻnggigacha xalqqa xizmat qilaman, deydi Gʻulomjon Yoqubov.

San'atkor haqida gap ketar ekan, uning garderobiga alohida mavzuga aylanadi. Gʻulomjon Yoqubov kostyumlari haqida barchaga qiziq savollarga javob berdi:

Foto: Instagram
— Men chet elga borsam, faqat doʻkon qidiraman. Oʻzimizdagi doʻkonlarga kirmasligim mumkin, lekin chetdan, albatta, oʻzimga mos narsa topib chiqaman. Bir yilda 3-4marta boraman, Yaqinda ham garderobimni koʻrsatishimni soʻrashdi. Yoʻq, koʻrsatmayman, nima qilaman koʻrsatib? Odamlar uyi bilan, mashinasi bilan maqtanadi, menga yoqmaydi bunday qilish, shuning uchun garderobimni ham koʻrsatmayman. Kiyganimda koʻrishsin, yoqsa, qabul qilishsin. Shuning oʻzi etadi. Eng qimmat kostyumim narxini ham aytmayman. Qurbi etadigan odam bor, etmaydigani bor. Birovning gʻashiga tegib nima foyda topaman? 30-40 yil avval kiyganlarim ham turibdi, mendan keyin muzey qilishadi (kulib), deydi ijodkor.

O‘xshash yangiliklar

Ulug'bek va Umidaxon yangi duet qo'shiq bilan muxlislar oldiga chiqdi
Ulug'bek va Umidaxon yangi duet qo'shiq bilan muxlislar oldiga chiqdi
O'zbek estrada musiqa san'atining yetuk vakillari Ulug'bek Rahmatullayev va Umidaxon muxlislariga yana bir xushxabar yetkazishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Mashhur ijodkorlar
Madaniyat Kecha, 22:21
Feruza Yusupova qizi Shamsiyaning yarim yoshga to'lganini nishonladi
Feruza Yusupova qizi Shamsiyaning yarim yoshga to'lganini nishonladi
Aktrisa Feruza Yusupova ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida muxlislariga yana bir quvonchli yangilikni yetkazdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. U o'zining qizalog'i Shamsiya yarim yoshga
Madaniyat Kecha, 21:54
Shahlo Zoirova AQShdan o'z oilasiga qaytib keldi
Shahlo Zoirova AQShdan o'z oilasiga qaytib keldi
Oliy san'atkor Shahlo Zoirovaning Amerika Qo'shma Shtatlari va Meksika hududlarini qamrab olgan bir oylik uzoq sayohati o'z nihoyasiga yetdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Mashhur
Madaniyat Kecha, 21:44
Aziz Rametov ogir kasalligi tufayli xalqdan yordam so'radi
Aziz Rametov ogir kasalligi tufayli xalqdan yordam so'radi
Sevimli aktyor Aziz Rametov o'n yilliklardan beri davom etayotgan og'ir kasalligi tufayli xalqdan yordam so'rashga majbur bo'ldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. U o'zining
Madaniyat Kecha, 21:38
Munisa Rizayeva o'tmishni qayta yozish uchun nimalarni o'zgartirgan bo'lardi
Munisa Rizayeva o'tmishni qayta yozish uchun nimalarni o'zgartirgan bo'lardi
Agar vaqtni orqaga qaytarish imkoniyati paydo bo'lib, o'tmishni qayta yozishga ega bo'lsangiz, hayotingizdagi nimalarni o'zgartirgan bo'lardingiz? Bu haqda Zamin.uz xabar
Madaniyat Kecha, 20:32
Nodira Mahmudova o'zining viqorli tashqi ko'rinishi sirini ochdi
Nodira Mahmudova o'zining viqorli tashqi ko'rinishi sirini ochdi
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Nodira Mahmudova O'zimizning gap dasturida mehmon bo'lib, o'zi haqida shakllangan turli qarashlar va tushunchalar yuzasidan o'z
Madaniyat Kecha, 14:19