
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan 2025 yilning birinchi yarmida (yanvar-iyun) o‘tkazilgan tanlov asosidagi uy xo‘jaliklari tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, mamlakatda har 100 uy xo‘jaligiga o‘rtacha 59 ta yengil avtomobil to‘g‘ri keladi. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
So‘nggi 15 yil davomida avtomobillar sonining o‘sish tendensiyasi aniq ko‘zga tashlanadi. 2010 yilda har 100 uy xo‘jaligiga 21 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 42 taga yetgan.
2020 yilda esa u 49 taga ko‘tarilgan. 2025 yilning birinchi yarmida esa bu raqam 59 taga yetdi.
Ushbu ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi 15 yil ichida har 100 uy xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan avtomobillar soni deyarli uch barobar oshgan. Ayniqsa, so‘nggi besh yil ichida bu ko‘rsatkich 10 taga ko‘paygan.
Bu holat aholining avtomobilga bo‘lgan talabining ortayotganini va transport vositalarining ommaviylashayotganini bildiradi. Shuningdek, iqtisodiy o‘sish va aholi turmush darajasining yaxshilanishi avtomobil egaligi ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ushbu tendensiyalar keyingi yillarda ham davom etishi kutilmoqda.