Kiyev, Kupyansk va Sumi Rossiya raketalari va dronlari hujumiga uchradi (foto)

Dunyo
121
Kiyev, Kupyansk va Sumi Rossiya raketalari va dronlari hujumiga uchradi (foto)
Rossiya qo‘shinlari 6 aprel kuni tongida Kiyevga ballistik raketalar bilan hujum qildi. Darnitskiy rayonida noturar joy binosida yong‘in sodir bo‘ldi, yana bir bino vayron bo‘ldi. Obolonskiy rayonida mebel sexi va omborxonada yong‘in chiqqan. Bundan tashqari, biznes markazining besh qavatli binosi qisman vayron bo‘lgan. U yerda Freedom telekanali ofisi joylashgani aytilmoqda. Solomenskiy rayonida esa omborxona binosi fasadi shikastlangan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zarba oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohatlangan.

Kiyevdagi shikastlangan bino, 2025 yil 6 aprel
Sergey Dolzhenko / EPA / Scanpix / LETA


Kiyevning Obolonskiy rayonidagi biznes-markaz atrofida shikastlangan avtomobil, 2025 yil 6 aprel
Yan Dobronosov / Global Images Ukraine / Getty Images


Kiyev bo‘ylab raketa hujumi vaqtida ko‘tarilgan tutun, 2025 yil 6 aprel
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA


Kiyev, 2025 yil 6 aprel kuni tongi
Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA

Tunda Rossiya qo‘shinlari Sumi shahrining fuqarolik infratuzilmasiga ham dronlar bilan hujum qilgan. Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati (FVDX) ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatda ma’muriy va omborxona binolari yonib ketgan. Qurbonlar yo‘q.

FVDX Rossiya qo‘shinlari Xarkiv oblastidagi Kupyansk shahrining aholi yashash mavzelariga aviabombalar tashlaganini ma’lum qildi. Oqibatda turar joy binolarida yong‘inlar sodir bo‘lgan. Ikki kishi – 67 yoshli erkak va 78 yoshli ayol jabrlangan. Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning aniqlik kiritishicha, snaryadlardan biri to‘qqiz qavatli turar joy binosiga kelib tushgan, u yerda ikkinchi qavatdan yettinchi qavatgacha bo‘lgan balkonlar, shuningdek, to‘rtta kvartira yonib ketgan.


Rossiya mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, 6 aprelga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi «Ukraina qurolli kuchlarining markaziy artilleriya bazasiga, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarishda ishtirok etgan mudofaa sanoati korxonalari»ga yuqori aniqlikdagi qurollar va dronlar bilan «guruhli zarba» yo‘llagan. «Zarbadan maqsadga erishildi. Obyektlar aniq nishonga olindi», – deya ta’kidlanadi harbiy idora xabarida.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tunda Rossiya armiyasi tomonidan berilgan navbatdagi zarbalarga munosabat bildirdi. U «Rossiyaga bosim hali ham yetarli emasligi, Rossiyaning Ukrainaga kunlik zarbalari buni isbotlayotgani»ni ta’kidlagan.

«Rossiya o‘zining asl niyatini ko‘rsatmoqda — dunyo bunga yo‘l qo‘yarkan, terrorni davom ettirish. <…> Bunday hujumlar – [Rossiya prezidenti Vladimir] Putinning barcha xalqaro diplomatik sa’y-harakatlarga javobidir. Hamkorlarning har biri — Amerika, butun Yevropa, butun dunyo – Rossiya bundan keyin ham jang qilmoqchi va o‘ldirmoqchi ekanini ko‘rmoqda. Shuning uchun bosimni susaytirish haqida hech qanday gap bo‘lishi kerak emas. Xavfsizlikni ta’minlash va tinchlikni yaqinlashtirish uchun barcha kuchlarni yo‘naltirish lozim», – deya yozgan Ukraina prezidenti.

Bir kun avval Zelenskiy Kriviy Rihga berilgan zarba oqibatida 19 kishi, jumladan, to‘qqiz bola halok bo‘lgani haqidagi xabarga AQSHning Ukrainadagi elchixonasi tomonidan bildirilgan munosabatni tanqid qilgandi. 4 aprel kuni elchi Bridjit Brink Kriviy Rihdagi bolalar maydonchasi va restoran hududiga ballistik raketa kelib tushgani o‘zini «dahshatga solgani» haqida yozgandi. Lekin u bu kimning raketasi ekanini aniq qilib yozmagandi. Zelenskiy bunday reaksiyani «zaiflik» deb atadi. «Afsuski, Amerika elchixonasining reaksiyasi yoqimsiz hayrat uyg‘otadi: shunday kuchli mamlakat, shunday kuchli xalq - va shunday zaif reaksiya. Bolalarni o‘ldirgan raketa haqida gapirganda hatto „Rossiyaniki“ degan so‘zni aytishdan qo‘rqishadi», – dedi Ukraina prezidenti.

6 aprel kuni Kiyevga berilgan zarbaga izoh berarkan, elchi Rossiya so‘zini tilga oldi: «Ertalabki soat 6:30 holatiga ko‘ra, Kiyev va Ukrainaning qolgan qismi Rossiya tomonidan ballistik va qanotli raketalar bilan o‘qqa tutilmoqda. Poytaxtda kuchli portlashlar va bir nechta shaharlarda hujumlar haqida xabarlar bor», – deb yozdi Brink X ijtimoiy tarmog‘ida.

O‘xshash yangiliklar

Amerikalik kompaniya insonlarni yoshartiruvchi dori vositasini sinovdan o'tkazdi
Amerikalik kompaniya insonlarni yoshartiruvchi dori vositasini sinovdan o'tkazdi
Amerikalik Life Biosciences biotexnologiya kompaniyasi insonlarda ER-100 preparatini klinik sinovdan o'tkazish uchun ruxsat olgani bilan tarixiy qadam tashladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Dunyo Bugun, 01:28
Kim Jon Un qizi bilan tank ustida paydo bo'ldi
Kim Jon Un qizi bilan tank ustida paydo bo'ldi
Shimoliy Koreya rahbari Kim Jon Un yana bir bor butun dunyo e'tiborini o'ziga qaratdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. U o'g'li emas, balki qizi Kim Yo Jon bilan birga harbiy
Dunyo Bugun, 00:25
Shimoliy Koreya Rossiyaning urushga yordami milliardlab dollarga baholanmoqda
Shimoliy Koreya Rossiyaning urushga yordami milliardlab dollarga baholanmoqda
Xalqaro moliyaviy tahlilchi Bloomberg agentligi o'tgan yilning mart oyida e'lon qilgan yangi hisobotga ko'ra, Shimoliy Koreya hozirda davom etayotgan Ukraina urushi jarayonida Rossiya
Dunyo Kecha, 23:06
AQSh Tripoli kemasi Fors ko'rfaziga yo'l oldi
AQSh Tripoli kemasi Fors ko'rfaziga yo'l oldi
Amerika Qo'shma Shtatlari Yaqin Sharqdagi harbiy mavqeini mustahkamlash va mintaqadagi vaziyatga bevosita ta'sir o'tkazish maqsadida harbiy faoliyatini sezilarli darajada
Dunyo Kecha, 23:01
AQSH va Isroil hujumida Eron generali shahid bo'ldi
AQSH va Isroil hujumida Eron generali shahid bo'ldi
Eron Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi o'zining matbuot kotibi general Ali Mohammad Nayni AQSh va Isroil havo kuchlarining zarba berishi oqibatida hayotdan ko'z yumdini ma'lum
Dunyo Kecha, 22:34
AQSh Eron bilan jangovar vaziyatga tayyorgarlik ko'rmoqda
AQSh Eron bilan jangovar vaziyatga tayyorgarlik ko'rmoqda
Amerika Qo'shma Shtatlari va Eron o'rtasidagi kuchayib borayotgan kelishmovchiliklar fonida Vashington mintaqadagi harbiy mavqeinini mustahkamlashga qaratilgan jiddiy choralar
Dunyo Kecha, 21:38