Bugun
"Inter" va "Roma" Milanda o‘zaro bahs olib bormoqda, Shomurodovdan assist (video)
+25°
ясно ветер 3.1 м/с, СВ

O‘zbekistonni mundialga yaqinlashtirgan o‘yin haqida

Sport 51
O‘zbekistonni mundialga yaqinlashtirgan o‘yin haqida
Bugun futbol haqida gaplashamiz. Oxirgi vaqtlarda o‘zbek futbolida ko‘p yangiliklar bo‘ldi. Milliy jamoamiz saralash bosqichidagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazib, Tehronda durang o‘ynadi. Ikki asrlik o‘zbek futboli tarixda eng shov-shuvli voqea o‘laroq «Manchester Siti»ga o‘tgan Abduqodir Husanov dunyoning eng zo‘r ligasiga ko‘chib o‘tganidan keyin ilk marta O‘zbekiston milliy jamoasi libosida maydonga tushdi. Mana shu ikki holat haqida fikrlashamiz.

Tehron endi qo‘rqinchli emas

Yoshligimizda Mushfiq Kozimiyning «Qo‘rqinchli Tehron» degan romanini sevib o‘qiganmiz. Aslida siyosiy ma’no kasb etgan roman syujeti boshqa masala. Roman badiiy jihatdan juda mahorat bilan yozilgan bo‘lib, uni o‘qirkansiz, beixtiyor Tehron ko‘chalarida, uning son-sanog‘i yo‘q xiyobonlarida sayr qilganday bo‘lasiz. Asar o‘zbek kitobxonlari orasida mashhur bo‘lgani uchun O‘zbekiston ishtirokidagi Eronda kelajak futbol o‘yinlari haqida maqolalarda uning nomi bilan sarlavha qo‘yish odatga aylangan.

Bundan tashqari, «Ozodiy» stadionida 100 ming odam o‘yinlarni kuzatishi futbol o‘yinlarida Tehronni har qanday raqib uchun qo‘rqinchli qilishi ham bor gap.

Biroq Temur Kapadze murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi 25 mart kuni «Ozodiy»ni Eronning o‘zi uchun qo‘rqinchli maydonga aylantirishdi. Chindan shunaqa bo‘ldi. Osiyo giganti Eron o‘z uyida nuqul ta’qib qiluvchi maqomida o‘ynadi. O‘sha kuni Temur Kapadze kuchli murabbiy ekanini, maydondagi futbolchilar o‘zbek futboli darajasi chindan yuqori ekanini ko‘rsatib qo‘yishdi. Tehronda hamma zo‘r o‘ynadi. Eron chempionatida o‘ynayotgan O‘tkir Yusupov ko‘p marta goldan qutqardi, Abbos Fayzullayev allaqachon kuchli beshlik darajasiga chiqqanini yana isbotladi, ko‘pchilik nafaqaga kuzatayozgan Farrux Sayfiyev muhim golga assistentlik qildi. Menga ayniqsa Eldor Shomurodovning o‘yini yoqdi. Sardorimiz oxirgi o‘yinlarda orqaroqqa qaytib vaziyatlar yaratmoqda, Tehronda ham birinchi gol uchun muhim uzatmani amalga oshirdi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Tehronda juda zo‘r o‘yin o‘tkazib, muhim ochkoni qo‘lga kiritdi, mundialga chiqish imkoniyati keskin oshdi. Endi birgina durang ham O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib boradi. Vaholanki, keyingi ikki raqib ham O‘zbekistondan kuchli emas. Shunday ekan yo‘llanma qo‘lga kiritilishi ehtimoli juda yuqori.

Darvoqe, shu o‘rinda Eron milliy jamoasi haqida ikki og‘iz mulohaza. 25 martdagi durang forslarni jahon chempionatiga olib chiqdi. Ular rasman mundialga chiqqan 6-jamoa bo‘lishdi. Eron O‘zbekistonga qarshi o‘zi uchun yomon o‘tgan o‘yinda ham kerakli natijani qayd eta oldi. Haqiqiy top jamoalar shunaqa bo‘ladi, o‘yini chiqmay turgan, raqib kuchli ekani ko‘rinib turgan o‘yinlarda ham kerakli natijaga erishadi. Bizga ikkita gol urgan Mehdi Torimiy «Inter»da zaxirada qolib ketayotgan, jarohat sabab jismoniy holati unchalik yaxshi bo‘lmagan vaqtda ham qahramon bo‘lib ketdi. Bu borada Eronga qoyil qolmay iloj yo‘q.

Abduqodir Husanov haqida

Tarmoqda o‘zbek futbolining asosiy yulduzi Abduqodir Husanov muhokama mavzusiga aylandi. Emishki u turli tadbirlarga chaqirilgani uchun mashg‘ulotlarda qatnasha olmayotgan ekan va shu uchun Eronga qarshi yomon o‘ynabdi. Men bu gaplarni to‘g‘ri deb o‘ylamayman. Aftidan, futbolga uncha qiziqmaydigan, hamma Husanov haqida gapirayotganda nimadir degisi kelgan odamlar u yomon o‘ynadi deb gapirayotgandek, har holda menga shunaqa tuyulyapti. Balki bu muxlislar Husanov «Manchester Siti»da o‘ynayotgani uchun Osiyodagi hamma o‘yinda 2-3 ta gol urishi kerak deb o‘ylashar.

Menimcha, ko‘pchilik o‘yindan keyin turli portallar chiqargan futbolchilarning ballariga e’tibor qilgan bo‘lsa kerak. Unda Husanov chindan boshqalardan biroz pastroq baho olgan. Lekin bu himoyachimiz yomon o‘ynadi degani emas. Shunchaki o‘sha kuni boshqa himoyachilar Umar Eshmurodov va Rustam Ashurmatov yaxshi o‘yin o‘tkazgani, aynan shu ikki futbolchi ko‘proq epizodlarda qatnashgani fonida Husanov biroz soyada qolgandek tuyulgandir. Lekin Abduqodir o‘yin davomida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygani yo‘q.

Shu o‘rinda Umar Eshmurodov va Rustam Ashurmatov ham kuchli himoyachi ekanini unutmaslik kerak. Bunday sheriklari bor ekan, Husanov doim ham qahramonlik qilishiga ehtiyoj bo‘lmaydi.

Endi Abduqodirni turli tadbirlarga taklif qilishayotgani, jurnalistlar unga g‘alati savollar berayotgani, ko‘pchilik bu futbolchimizga bog‘lab video qilishga intilayotganiga to‘xtalsak. O‘rtoqlar, bularning hammasini to‘g‘ri tushunish kerak, axir bizda hech qachon bunaqa megayulduz bo‘lmagan. Tabiiyki, hamma unga intiladi, uni videoga olgisi, dastxat qo‘ydirgisi, falon tanishiga men Husanov bilan ko‘rishdim, degisi keladi. Biz Angliya emasmizki, har qadamda yulduz futbolchilar chiqib kelaversa.

Va Abduqodir Husanov 3-4 ta tadbirda qatnashib sport formasini yo‘qotib qo‘yadigan futbolchi emas. Bu darajadagi futbolchilar hammasining hisobini oladi. Yaxshisi bizda shunday top futbolchi borligidan quvonib uning o‘yinlaridan zavqlaning. Chemodanlarni tayyorlab, chiptaga pulni yig‘avering, buyog‘i Amerika mundialiga boradigan bo‘lib turibmiz. Kelasi ikki o‘yinda kerakli natijani qo‘lga kiritib, «1900-haqida afsona» kinosida aytilganidek «kemadagi haykalni birinchilardan bo‘lib ko‘radigan» biz bo‘laylik.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

“Manchester Siti” klubi Abduqodir Husanov haqida hali hech qayerda chop etilmagan maqola e’lon qildi
“Manchester Siti” klubi Abduqodir Husanov haqida hali hech qayerda chop etilmagan maqola e’lon qildi
“Manchester Siti” klubi o‘z ijtimoiy sahifasida, jamoa muxlislarining qalbini tezda zabt etgan yosh futbolchi Abduqodir Husanov haqida ilgari hech qayerda chop etilmagan ma’lumotlar, oilaviy
Sport 22:33, 14-03-2025
O‘zbekistonga mundialga chiqish uchun qanday natijalar kerak?
O‘zbekistonga mundialga chiqish uchun qanday natijalar kerak?
O‘zbekiston milliy jamoasi hozirdanoq saralash o‘yinlarida ochko to‘plash bo‘yicha eng yaxshi natijasini qayd etib turganiga qaramay, hal qiluvchi o‘yinlar endi o‘tkaziladi. Futbol bo‘yicha
Sport 18:45, 22-03-2025
Mixaylo Podolyak: «Aslida, normal va qulay muzokara jarayoni ketmoqda»
Mixaylo Podolyak: «Aslida, normal va qulay muzokara jarayoni ketmoqda»
Hennadii Minchenko / Ukrinform / Future Publishing / Getty Images AQSH prezidenti Donald Tramp 2025 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tgan inauguratsiyasidan so‘ng, darhol Putin bilan uchrashish niyati
Dunyo 12:33, 28-02-2025
Ukraina Amerika qurollarisiz omon qoladimi?
Ukraina Amerika qurollarisiz omon qoladimi?
Foto: Getty Images AQSHning keng ko‘lamli urushning uch yili davomida Ukrainaga ko‘rsatib kelingan harbiy yordami to‘xtatilishi mumkin. Har holda, Amerika prezidenti Donald Tramp bu variantni
Dunyo 21:55, 2-03-2025
Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarni 8 mart bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarni 8 mart bilan tabrikladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida mamlakat xotin-qizlarini tabrikladi. Davlat rahbari
Jamiyat 17:56, 7-03-2025