Bugun
Shahram G‘iyosov Las-Vegasda WBA kamariga da’vogar
+11°
пасмурно ветер 2.6 м/с, СВ

Islom Karimov Rossiyaga ishonmas edi. Unda nega ittifoqchi bo‘lgandi?

Dunyo
154
Islom Karimov Rossiyaga ishonmas edi. Unda nega ittifoqchi bo‘lgandi?
Islom Karimov O‘zbekistonni mustaqillikdan boshlab to 2016 yilning sentyabriga qadar, chorak asr boshqardi. Karimov davrida O‘zbekiston faqat bitta davlat bilan ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatdi. U ham bo‘lsa Rossiya Federatsiyasi bilan, 2005 yilning noyabr oyida. Vaholanki, Karimov Rossiyaga ishonchsizligi bilan tanilgan edi.

Karimovning Rossiyaga ishonchsizligi tabiiy hol edi. Nafaqat O‘zbekiston, balki SSSR tarqalgach mustaqilligini qo‘lga kiritgan barcha yangi davlatlarning Rossiyaga ishonchsizlik va qo‘rquv bilan qarashi – tabiiy edi. Chunki SSSRni tiklash g‘oyalari, intilishlari, loyihalari Rossiyada kuchli edi va hali ham saqlanib qolmoqda.

Moskva yangi mustaqil davlatlarga, jumladan O‘zbekistonga ham o‘zining siyosiy va geosiyosiy irodasini o‘tkazishdan tortinmagan.

1995 yilda Rossiya Davlat Dumasiga saylovlar bo‘ladi. Saylovlarda Kommunistik partiya katta g‘alabani qo‘lga kiritadi. Yelsin tarafdori bo‘lgan “Nash dom – Rossiya” partiyasi esa bor-yo‘g‘i 10 foiz ovoz oladi. 1996 yilning mart oyida Duma SSSRni tiklash bo‘yicha ikkita qonun qabul qiladi. Biri “SSSR xalqlari integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha”, ikkinchisi “Belovej kelishuvi kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” edi. Tabiiyki, Rossiyadagi bu va boshqa kayfiyatlar O‘zbekistonni, boshqa yangi mustaqil davlatlarning xavotiriga sabab bo‘ladi.

1997 yilda Karimov “O‘zbekiston 21-asr bo‘sag‘asida” nomli kitob yozadi. Bu kitobda yettita yirik tahdidlar sanab o‘tiladi. “Mintaqaviy mojarolar”, “diniy ekstremizm va terrorizm”, “buyuk davlatchilik shovinizmi va agressiv millatchilik”, “etnik va millatlararo ziddiyatlar”, “korrupsiya va jinoyatchilik”, “mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik” hamda “ekologik muammolar” haqida gapiriladi.

Qisqa qilib aytganda, Karimov mintaqaviy mojarolar, hamda ekstremizm va terrorizm O‘zbekistonni bezovta qiladi, lekin bizni eng jiddiy xavotirga soladigan va mustaqilligimizga real tahdid bo‘lgan narsa bu – shovinizm, agressiv millatchilik, imperializm deya, faqat Rossiyani tilga oladi. Kitobning uchinchi bo‘limi faqat Rossiya tomonidan bo‘layotgan tahdidlarga bag‘ishlanadi.

Karimovning fikrlarini muxtasar qilsak, quyidagi xulosalar bildiriladi: Rossiya siyosiy elitasida, maxsus xizmatlarida, davlati tarkibida shunday kuchlar va kayfiyatlar borki, ular mustaqil davlatlarga yuqoridan qaraydi, o‘z imperiyasining tarkibi sifatida ko‘radi, doim qaram holatda ushlab o‘tirishni istaydi, va imkoniyat bo‘lsa – yana o‘z imperiyalarini tiklashni xohlaydi. Rossiya o‘z ta’sirini va bosimini ushlab turish uchun, yangi davlatlarning chegaralari bilan o‘yin qilishni o‘ylaydi, millatlararo ziddiyatlarni qo‘zg‘ab, gijgijlab, o‘rtakashlik qilish orqali o‘z loyihalarini amalga oshirishni istaydi. Shuningdek, rus imperializmi o‘zbek xalqida, mahalliy xalqlarda noqislik kompleksini yaratishga harakat qilgan, “qoloqlik” ruhiyatini singdirgan.

1990-yillarning o‘rtalaridan O‘zbekiston Rossiyadan uzoqlashib, G‘arb davlatlari, avvalo AQSH bilan aloqalarni kuchaytirib bordi. 2001 yil 11 sentyabrdan keyin AQSH bilan munosabatlar kardinal o‘zgardi. O‘zbekiston Afg‘oniston bo‘yicha AQSH operatsiyalariga o‘z hududini tranzit sifatida ishlatishga rozi bo‘ldi. Qarshidagi harbiy baza taqdim qilindi, u yerda 1500-5000 ga yaqin harbiy xizmat qilgani aytiladi.

2002 yilning mart oyida Karimov Vashingtonda Jorj Bush bilan “Strategik sheriklik deklaratsiyasi”ni imzolaydi. Deklaratsiyaga ko‘ra, “AQSH O‘zbekistonning xavfsizligiga va xududiy yaxlitligiga har qanday tahdidni o‘ta jiddiy xavotir bilan qarshi oladi” deyiladi.

Biroq, 2003-05 yillar davomida bir qancha voqealar sabab, Karimov G‘arbdan uzoqlasha boshlaydi. Jumladan, 2003 yilning noyabrida Gruziyada inqilob yuz beradi. 2004 yil noyabrida boshlangan ommaviy namoyishlar, 2005 yilning yanvariga kelib Ukrainada ham hokimiyat o‘zgarishiga olib keladi. 2005 yilning martida qo‘shni Qirg‘izistonda Asqar Akayev yiqitiladi. Qolaversa, AQSHdan kutilgan sarmoyalar O‘zbekistonga kelmaydi. 2003 yil dekabrida O‘zbekiston Qarshidagi baza bo‘yicha kelishuvni qayta ko‘rib chiqishni so‘raydi, bu masalani jami 6 marta ko‘taradi. AQSH “bunga ehtiyoj yo‘q” deb javob beradi.

Rangli inqiloblar va AQSHdan sezilarli moliyaviy sarmoyalar kelmagani fonida, Karimov Rossiya bilan yaqinlashishga kirishadi. 2004 yil iyunida O‘zbekiston Rossiya bilan “Strategik xamkorlik” kelishuvini imzolaydi. Kelishuvga ko‘ra, harbiy infrastrukturani birgalikda ishlatish, “Lukoyl”ga O‘zbekistondagi katta gaz konlarini berish belgilanadi.

Lekin O‘zbekistonning G‘arb bilan aloqalari 2005 yil mayda yuz bergan Andijon voqealaridan keyin keskin pasayishga sababchi bo‘ldi. G‘arb davlatlari hukumat versiyasini qo‘llamadi, xalqaro tekshiruvni talab qildi. 2005 yil 29 iyulda Karimov AQSH harbiy bazasini 180 kun ichida yopishni talab qiladi. Sabab sifatida AQSH ijara pulini to‘lamagani va atrof-muhitga katta zarar yetkazgani keltirildi.

2005 yil sentyabrida RF bilan harbiy o‘quv mashqlari o‘tadi. Bu SSSR qulaganidan keyingi birinchi qo‘shma harbiy o‘quv mashqlari edi. 2005 yil noyabrda esa O‘zbekiston Rossiya Federatsiyasi bilan “Ittifoqchilik munosabatlari” borasida kelishuv tuzadi. 2006 yil yanvarida O‘zbekiston yana Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga qaytadi.

Karimov siyosiy tizimni barqarorlashtirib olgach, 2007-09 yillarda O‘zbekiston yana Rossiyadan masofa saqlay boshlaydi. KXSHTdan 2012 yilda yana chiqib ketadi.

Karimovning Rossiya bilan ittifoqchiligi nimani ko‘rsatadi? Inson huquqlarining buzilishi – muvozanat buzilishiga olib keladi. Vijdon erkinligi va diniy erkinliklarning ta’minlanmasligi, davlatni ichki va tashqi siyosatda katta chayqalishlarga, O‘zbekistonning mintaqadagi maqomi va xalqaro prestijiga katta zarba yetishiga sababchi bo‘ldi.

Inson huquqlari, diniy erkinliklar, demokratik institutlarning bir maromda ishlashi bilan davlatning xalqaro maydonda obro‘-e’tiborli bo‘lishi o‘rtasida qonuniy bog‘liqlik bor. Bu qonuniyatni inkor etish esa, xatolarga, fojialarga sabab bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

O‘xshash yangiliklar

Germaniya Britaniya Fransiya Livandagi zo‘ravonlikni qoraladi
Germaniya Britaniya Fransiya Livandagi zo‘ravonlikni qoraladi
Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada Livandagi zo‘ravonlikning kuchayishini qoralab, vaziyatning yanada og‘irlashishidan xavotir bildirdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ushbu
Dunyo Bugun, 03:08
Roma futbolchisining uyiga qurolli bosqin uyushtirildi
Roma futbolchisining uyiga qurolli bosqin uyushtirildi
Seshanba kechasi Italiyada jiddiy voqea yuz berdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. “Roma” futbol klubining marokashlik yarimhimoyachisi Neyl El Aynaui yashaydigan uyga qora kiyim kiygan oltita
Dunyo Bugun, 02:43
Eron rahbari Mujtabo Xomanaiy raketa hujumidan omon qoldi
Eron rahbari Mujtabo Xomanaiy raketa hujumidan omon qoldi
The Telegraph nashrining e’lon qilgan audioyozuviga ko‘ra, Eronning yangi oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy Isroil raketa hujumidan zo‘rg‘a omon qolgan. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Uning otasi Ali
Dunyo Bugun, 02:07
Pokistonning Kobulga havo hujumi yuzlab halok bo‘ldi
Pokistonning Kobulga havo hujumi yuzlab halok bo‘ldi
Afg‘oniston rasmiylari Pokiston kuchlari 16 mart kuni Kobul shahrida havo hujumlarini amalga oshirganini ma’lum qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Tolibon hukumatining vakili Zabihulla Mujohid bu
Dunyo Bugun, 01:50
Koalisiyaga ko‘plab davlatlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozida qo‘shilmadi
Koalisiyaga ko‘plab davlatlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozida qo‘shilmadi
Clash Report xabariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida AQSh boshchiligidagi harbiy-dengiz koalisiyasiga ko‘plab davlatlar qo‘shilishdan bosh tortgan. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Fransiya, Avstraliya,
Dunyo Bugun, 01:15
Eron neft eksportidan yuqori daromad olishda davom etmoqda
Eron neft eksportidan yuqori daromad olishda davom etmoqda
Eron neft eksportidan olinayotgan daromad hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Financial Times nashri o‘z manbalariga tayanib, bu haqida xabar berdi.
Dunyo Bugun, 00:56