Bugun
Zelenskiy NATOdan voz kechishga tayyorligini bildirdi
+1°
туман ветер 1 м/с, С

Gʻulomjon Yoqubov qoʻshiq talashayotgan xonandalar va oʻzini oʻldiga chiqarayotganlar haqida

Madaniyat
137

Gʻulomjon Yoqubov qoʻshiq talashayotgan xonandalar va oʻzini oʻldiga chiqarayotganlar haqida
Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Gʻulomjon Yoqubov 1 mart kuni 75 yoshni qarshilaydi. U qoʻshiqchi nabirasi, 25 yildan buyon kontsert berishi, qoʻshiq talashish ongsiz odamlarning ishi ekani va uni oʻldi deya yolgʻon xabar tarqatganlar haqida “Daryo”ga intervyu berdi.

Gʻulomjon Yoqubov 50 yildan ortiq vaqtdan buyon san'atda. U 25 yildan buyon doim 1-2 mart kunlari kontsert berib, tugʻilgan kunini muxlislari davrasida nishonlaydi.

— Tugʻilgan kunimda menga koʻpchilik bilan u er bu erda oʻtirib bazm qilish ma'qul emas, uni oʻrniga sahnada kuylasam, xalq meni eshitsa, dardlarimni toʻkib sochsam, deyman. Kimdir restoranni ma'qul koʻrar, lekin menga muxlislar bilan boʻlish yoqadi. Endi bu yil tavallud kunim Ramazon oyining ilk kuniga toʻgʻri kelayotgani sababli, bu oyning hurmatidan kontsertni bir kun avvalga koʻchirdik, ertasiga esa yaqinlar bilan iftorlik qilamiz, deydi ustoz xonanda.

Foto: “Daryo”
Gʻulomjon Yoqubov farzandlari san'atkor boʻlishiga tish-tirnogʻi bilan qarshi boʻlgan. Ammo nabiralarga bu sohaga kirishga ruxsat berdi. Uning oʻgʻil nabirasi bir necha kontsertlarda qoʻshiq kuylab chiqayotgan boʻlsa-da, bu yigit san'atkorning nabirasi ekanligi haqida ommaga aytilmadi.

— Qoʻshiqchi nabiram haqida hech qayerda gapirmasligimning sababi koʻz tegmasin deyman. U hali goʻdak, ovozi oʻzgarishi bor. Yoshligidan tanilgan qanchadan qancha mashhur xonandalar bor, ovozi bilan dunyoni hayratga solgan. Ammo bir ozdan soʻng ovozi oʻzgarib ketgan. Hali yosh bolaning ovozi rasta boʻladi, shu jarayondan oʻtib olgani — hisob. Bu yilgi kontsertda chiqish qilmaydi, ovozi oʻzgaryapti. Bunday vaqtda ovozni asrab turish kerak, deydi Gʻulomjon Yoqubov.

Foto: Skrinshot
Xalq artisti oʻzining qoʻshiqlarini boshqa xonandalar kuylashiga qanday qaraydi?

— Yorqinxoʻjaga ruxsat berdim, “Dilorom”ni kuyladi. Cover'da ham oʻzim oʻtirgandim, menga yoqdi, boʻldi, kuylayver, dedim. Qayerga borsak ham birgalikda aytib beringlar, deyishadi. U qanday aytgan boʻlsa, men ham unga qoʻshilib cover qilib aytib beraman. Bunga hech qarshiligim yoʻq, faqat qoʻshiqni buzib tashlamasa bas. Hech kim kuylamasin, deyish notoʻgʻri, dedi san'atkor.

Hozir avj olayotgan qoʻshiq talashish, ustoz san'atkorlarning qoʻshigʻi kuylansa, taqiq qoʻyish kabilarga Gʻulomjon Yoqubov nima deydi?

— San'at — xalqniki. Xalqning ichidan chiqdimi, unga berish kerak. Qoʻshiq qayta kuylansa, koʻproq yashaydi, hech kim aytmagandan keyin bora-bora yoʻq boʻlib ketadi. Bu qoʻshiqni sen kuylama deyish ongsiz odamlarning fikri, ongsiz odamlarning da'vati. Oʻsha gapni gapirganlar — eng ongsiz odamlar! Ularni faqat ongsiz deb oʻylayman. Ular fahm-farosati yoʻq odamlar! Bemalol aytaverish kerak, faqat qoʻshiq buzilmasa boʻlgani. Men hammaga qoʻshiqlarimni aytishga ruxsat beraman, ma'qul kelgan boʻlsa, bemalol, dedi xalq artisti.

Odamlarning san'atga munosabati bugun qanchalik oʻzgargan? Bugungi shou-biznesning ahvoli haqida san'atkor quyidagicha fikrda:

— Bizga maqom maktab paytidan oʻrgatilgan. Hozirgilar shov-shuvni orqasidan ergashadi. Bu oʻzbek san'ati emas, shou-biznes, pul topish yoʻli. Qoʻshiqda oʻzbek ohangi, nolasi va dardi, avji boʻlishi kerak. Bugungi qoʻshiqlarda dard yoʻq, nola yoʻq. Bitta gapni qaytaveradi, “ura-ura” qilib bir narsani aylantiraveradi. Oʻtirgandayam, yotgandayam shu qoʻshiq, klipi ham aylanaveradi. Yosh bolaning qulogʻi xohlasa, xohlamasa shuni eshitadi. Menga necha marta hakam boʻling deyishadi. Bormayman, chunki undaylarni eshitib gʻashim keladi. Qaysi birini maqtay olaman keyin? Ovozi mustahkam yigit-qizlar bor, oʻshalarni qoʻllab-quvvatlash kerak. “Shaldir-valdir”lar nimaga kerak? Men 20-30 yildan beri qarab yuribman — besh yil chiqadi yoʻq boʻladi, uch yil chiqadi yoʻq boʻladi. Lov etib yonib, puf etib oʻchadi. Oʻzbekning san'ati tamoman boshqacha! Ba'zi qoʻshiqlarga quloqni yopib olish kerak, umuman eshitib boʻlmaydi. Lekin aynan shularga oʻrtaga tushib olib oʻynashadi, yoshlarni buzyapti bular. Toʻy deb faqat bir xil narsa qilish kerakmas, deydi xalq artisti.

Foto: Skrinshot
Bir necha oy ilgari Gʻulomjon Yoqubov haqida tarqalgan yolgʻon noxush xabar koʻpchilik singari san'atkorning oʻziga ham qattiq botdi...

— Hayotda har xil odam bor, ajrata olmaysiz. Tirik odamni oʻldi deyish nimaga toʻgʻri keladi? Men birovni bekordan bekorga oʻldi deb gap tarqatsam, menga Xudo koʻrsatadi. Bu bir misol. Avval tekshirish kerak, rost boʻlsa keyin aytish kerak. Orqadan valdir-vuldir gap nega kerak? Bu noxush xabar qalbimga ogʻir botdi. Tushunsa tushunmasa, yana shunday xabar tarqatishyapti. Yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi. Ularga gapirishning foydasi yoʻq ekan, insof bersin. Meni “oʻldi”ga chiqarishsa ham, ijodimni qilib kelyapman. Shunday deganlarga ham umr tilayman. Ijodimni toʻxtatmoqchimasman, umrimning soʻnggigacha xalqqa xizmat qilaman, deydi Gʻulomjon Yoqubov.

San'atkor haqida gap ketar ekan, uning garderobiga alohida mavzuga aylanadi. Gʻulomjon Yoqubov kostyumlari haqida barchaga qiziq savollarga javob berdi:

Foto: Instagram
— Men chet elga borsam, faqat doʻkon qidiraman. Oʻzimizdagi doʻkonlarga kirmasligim mumkin, lekin chetdan, albatta, oʻzimga mos narsa topib chiqaman. Bir yilda 3-4marta boraman, Yaqinda ham garderobimni koʻrsatishimni soʻrashdi. Yoʻq, koʻrsatmayman, nima qilaman koʻrsatib? Odamlar uyi bilan, mashinasi bilan maqtanadi, menga yoqmaydi bunday qilish, shuning uchun garderobimni ham koʻrsatmayman. Kiyganimda koʻrishsin, yoqsa, qabul qilishsin. Shuning oʻzi etadi. Eng qimmat kostyumim narxini ham aytmayman. Qurbi etadigan odam bor, etmaydigani bor. Birovning gʻashiga tegib nima foyda topaman? 30-40 yil avval kiyganlarim ham turibdi, mendan keyin muzey qilishadi (kulib), deydi ijodkor.

👍 0❤️ 0😂 0😢 0😡 0

O‘xshash yangiliklar

“Humo Arena”da Yangi yil shousi san’atkorlari ma’lum bo‘ldi
“Humo Arena”da Yangi yil shousi san’atkorlari ma’lum bo‘ldi
27-dekabr kuni Toshkent shahridagi “Humo Arena” muz saroyida soat 19:00 da o‘tkaziladigan Yangi yil shousida qatnashuvchi san’atkorlar ro‘yxati e’lon qilindi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ushbu
Madaniyat Kecha, 16:34
“Setora” dekabrda Toshkentda konsert beradi
“Setora” dekabrda Toshkentda konsert beradi
Mashhur “Setora” guruhi o‘z muxlislari uchun quvonchli yangilikni ma’lum qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Jamoa joriy yilning 18, 19, 20 va 21-dekabr kunlari Toshkent shahridagi “Xalqlar
Madaniyat Kecha, 15:58
Umidaxon: "Kel, yarashaylik" mening burilish qo‘shig‘im!
Umidaxon: "Kel, yarashaylik" mening burilish qo‘shig‘im!
Xonanda Umidaxon Hojiyevadan jurnalist tomonidan: "Sizni mashhurlikka olib chiqqan, keng ommaga tanitgan qo‘shiq qaysi?" degan savol berildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. San’atkor bu
Madaniyat Kecha, 14:35
Shaxriyor Baxtiyorov o‘g‘il farzandli bo‘ldi
Shaxriyor Baxtiyorov o‘g‘il farzandli bo‘ldi
Aktyor va bloger Shaxriyor Baxtiyorov hamda uning rafiqasi Zilola Baxtiyorova ikkinchi bor ota-ona bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ushbu quvonchli xabarni Zilola
Madaniyat Kecha, 13:47
Ruxshona ota-onasining ajrashuv sababi haqida so‘zladi
Ruxshona ota-onasining ajrashuv sababi haqida so‘zladi
Xonanda Ruxshona yaqinda o‘zining oilasiga oid og‘riqli va murakkab voqeani oshkor qildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. U bu haqda ilk bor ochiq gapirarkan, ota-onasining ajrashuviga sabab bo‘lgan
Madaniyat 21:57, 14-12-2025
Shahlo Zoirova: "Dizayn"ga puli kelganda keldim
Shahlo Zoirova: "Dizayn"ga puli kelganda keldim
Aktrisa Shahlo Zoirova yaqin kunlarda "Dizayn" jamoasiga qo‘shilgani haqida tarqalgan ma’lumotlarga oydinlik kiritdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u ilgari bir
Madaniyat 10:27, 14-12-2025