Bugun
Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtab boshlig‘ini almashtirdi
+8°
ясно ветер 3.1 м/с, СВ

Trampning ehtiyotsizligi AQSH fond bozorini qulatdi — AQSHda krizis xavfi bormi?

Dunyo Kecha, 10:25 5
Trampning ehtiyotsizligi AQSH fond bozorini qulatdi — AQSHda krizis xavfi bormi?
Investorlarni Trampning oldindan bashorat qilish qiyin bo‘lgan savdo siyosati tobora ko‘proq xavotirga solmoqda. Bu siyosat global ta’minot zanjirlari barqarorligiga tahdid qilmoqda. Oq uyning iqtisodiy retsessiya (pasayish) xavflariga nisbatan yetarli darajada e’tibor bermasligi esa volatillikni yanada kuchaytirmoqda. AQSH fond bozorida so‘nggi kunlarda kuzatilgan keskin pasayish nimalar bilan bog‘liq? Prezidentning milliarder ittifoqchilari qancha yo‘qotishga uchradi? Birjalar va umuman AQSH iqtisodiyotida vaziyat endi qanday rivojlanadi? «Meduza» nashri ushbu savollarga javob izladi.

10 mart, dushanba kuni AQSH fond bozori 2022 yildan beri eng yomon kunini boshdan kechirdi. Bozordagi sarosimaga Donald Trampning AQSH iqtisodiyotida ehtimoliy pasayish haqida bergan bayonoti sabab bo‘ldi. Amerika prezidenti mamlakat «o‘tish davrini» boshdan kechirayotganini aytdi va uning o‘zi boshlab bergan tarif urushlari natijasida iqtisodiyotda retsessiya boshlanishini istisno etmadi. «Bunday narsalarni (retsessiyani) bashorat qilishni yoqtirmayman. Hozir o‘tish davri, chunki biz qilayotgan ishlar juda keng ko‘lamli», — deb tushuntirdi Tramp.

Prezidentning ehtiyotsizlik bilan aytgan ushbu fikri yaqin-yaqingacha Tramp siyosatidan iqtisodiy o‘sish tezlashishi va fond bozori qo‘llab-quvvatlanishini kutgan tahlilchilarni ham xavotirga solib qo‘ydi. Endi esa ularning ijobiy prognozlari ham savol ostida qoldi.

Bozorlarning Trampning bayonotiga reaksiyasi

Trampning so‘zlari AQSH fond bozorida haqiqiy bo‘ronni keltirib chiqardi. Investorlar uning bayonotini iqtisodiy retsessiya haqidagi jiddiy ogohlantirish sifatida qabul qildi. Amerikadagi yirik kompaniyalar holatini aks ettiruvchi S&P 500 indeksi 2,7 foizga quladi. Eng yirik kompaniyalarning aksiyalari kiruvchi Dow Jones Industrial Average («ko‘k fishkalar») indeksi esa 2,1 foizga pasaydi. Texnologiya sektori eng katta zarar ko‘rdi: Nasdaq Composite indeksi 4 foizga qulab tushib, 2022 yil sentyabridan buyongi eng yomon natijani ko‘rsatdi.

Bu pasayish Amerikadagi eng yirik tadbirkorlarning moliyaviy ahvolida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Tesla aksiyalari 15 foizga pasayib, 2020 yildan beri eng katta qulashi qayd etildi. Bu esa dunyodagi eng boy inson hisoblangan Ilon Maskning qariyb 23 milliard dollar yo‘qotishiga sabab bo‘ldi. Amazon rahbari Jeff Bezos 4,3 milliard dollar yo‘qotdi, Meta asoschisi Mark Sukerbergning yo‘qotishi esa 9,5 milliard dollarga yetdi. Ular bilan birga ko‘plab boshqa yirik biznesmenlarning ham boyligi qisqardi. Bloomberg agentligining hisob-kitobiga ko‘ra, Trampning inauguratsiyasida qatnashgan eng boy tadbirkorlarning yo‘qotishlari 209 milliard dollarni tashkil etgan. Ularning kompaniyalari kapitallashuvidagi umumiy pasayish esa fantastik 1,39 trillion dollarga yetdi. Bu Rossiyadek davlatning bir yillik YAIMga qariyb teng.

«Qora dushanba»dan keyingi kun Tramp investorlarni tinchlantirishga urinib, AQSHda retsessiya xavfini ko‘rmayotganini bildirdi. Bu vaqtincha barqarorlikni ta’minladi: 12 mart kuni S&P 500 indeksi savdolarni o‘sish bilan boshladi. Biroq ko‘p o‘tmay prezident yana yangi bayonot berib, Kanadadan olib kiriladigan po‘lat va alyuminiy importiga tariflarni ikki baravar, 50 foizgacha oshirish rejasini e’lon qildi. Bozor esa o‘zining reaksiyasini uzoq kuttirmadi: indekslar yana tushishni boshladi. Kun yakuniga ko‘ra, S&P 500 indeksi 0,8 foizga, Dow Jones Industrial Average 1,1 foizga, Nasdaq Composite esa 0,2 foizga tushib ketdi. Keyinroq Tramp tariflarni ikki baravar oshirish rejasidan voz kechdi.

«Bozor prezidentning har bir so‘ziga mahtal», — deya ta’kidlaydi Fuller Treacy Money byulleteni muallifi Yon Trisi. Shu bilan birga, The Wall Street Journal nashriga fikr bildirgan Key Wealth investitsiya kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jorj Mateyoning qayd etishicha, Trampning keyingi bayonotlari bozorga yordam bera olmayapti, chunki asosiy noaniqlik kelajakdagi savdo siyosati bilan bog‘liqdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy muammo tariflarning o‘zidan emas, balki ularning «betartib tarzda joriy qilinishi va bekor qilinishi» tufayli yuzaga kelgan o‘ta beqaror vaziyatdadir.

Tramp siyosatida investorlarni nima xavotirga solmoqda?

Trampning bir-biriga zid bayonotlari moliya bozorida allaqachon o‘sib borayotgan beqarorlikni yanada kuchaytirdi. So‘nggi haftalarda investorlar ishonchsizlikka tushib qolgan edi: respublikachining hokimiyatga qaytishi bilan bog‘liq eyforiya uning iqtisodiy siyosati haqidagi xavotirlarga tezda o‘rnini bo‘shatdi. S&P 500 indeksi 19 fevral kuni 6144 punkt bilan o‘z cho‘qqisiga chiqqan edi, biroq o‘shandan buyon 9 foizga pasaydi. Ushbu davomli tushishda nafaqat prezidentning shu davrdagi qarorlari, balki boshqa omillar ham ta’sir qilgan: masalan, aynan shu davrda DeepSeek kompaniyasi tomonidan yangi sun’iy intellekt modeli chiqarilishi AQSHning texnologiya sohasidagi ustunligiga tahdid solgan edi. Shunga qaramasdan, Trampning o‘zi ham ko‘plab bozor ishtirokchilarining undan kutgan umidlarini hozircha oqlamayapti.

Yuqorida ta’kidlanganidek, kayfiyat o‘zgarishining asosiy sababi — tariflar siyosati. Garchi Trampning tariflarni joriy qilish rejalari sir bo‘lmasa-da, bozorlar prezidentning savdo urushlari haqidagi bayonotlarini e’tiborsiz qoldirib, asosiy e’tiborni soliqlarni pasaytirish va tartibga solishlarni yengillashtirish haqidagi va’dalarga qaratgan edi. Biroq haqiqat ancha murakkabroq bo‘lib chiqdi: respublikachi prezident nafaqat tarif urushlarini boshladi, balki o‘z siyosatida yanada qattiqroq choralar ko‘rishga tayyor ekanligini ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, 4 mart kuni Tramp Kanada va Meksikadan import qilinadigan barcha tovarlarga 25 foizlik boj tariflari joriy qildi, Xitoy mahsulotlari uchun esa tarifni ikki baravar oshirib, 10 foizdan 20 foizga yetkazdi. Kanada, Meksika va Xitoy AQSHning eng yirik savdo hamkorlari hisoblanadi: ular bilan savdo umumiy tashqi savdo hajmining 40 foizini tashkil etadi. 12 mart kuni esa AQSHga import qilinadigan butun alyuminiy va po‘lat mahsulotlariga 25 foizlik tarif kuchga kirdi, bu esa Yevropa Ittifoqidan importni ham qamrab oldi.

O‘tgan haftada, bozor qulashidan avvalroq, investor va Barak Obamaning sobiq maslahatchisi Stiven Rettner The New York Times nashriga yozgan maqolasida, Uoll-stritdagi hamkasblari hozircha sarosimaga tushmagani va umuman olganda Trampning siyosatini qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etgan edi. Ammo u bozorda ketma-ket bir necha kunlik pasayish bo‘lsa, kayfiyat keskin o‘zgarishi mumkinligini ta’kidlagandi.

O‘tayotgan hafta ichida bozor ketma-ket ikki kun pasaydi va respublikachining siyosatidan kutilayotgan manfaatlar haqidagi gap-so‘zlar endi «trampsessiya» xavfi — ya’ni prezident qarorlari keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy pasayish haqidagi xavotirlarga almashdi.

Xo‘sh, Tramp AQSH iqtisodiyotini retsessiyaga yetaklayaptimi?

Haqiqatan ham, tariflar siyosati sabab iqtisodiy o‘sish sur’atlari sekinlashuvi va retsessiya xavfi oshdi. Tramp tomonidan joriy etilgan bojlar import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlarning qiymatini oshirmoqda. Natijada, kompaniyalar investitsiyalarni qisqartiradi va mahsulot narxlarini ko‘taradi, bu esa qo‘shimcha xarajatlarni iste’molchilar zimmasiga yuklaydi. Yel universiteti budjeti laboratoriyasi iqtisodchilarining hisob-kitobiga ko‘ra, joriy etilgan tariflar har bir o‘rtacha amerikaliklar oilasiga yiliga 1000–1200 dollar qo‘shimcha xarajat keltirib chiqaradi.

Trampning moliyaviy siyosatini xavotir bilan kuzatishning yana bir sababi — davlat xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha uning keng ko‘lamli rejasi. 2024 yilda AQSHda budjet defitsiti 7,2 foizga yetishi prognoz qilinmoqda, biroq bu hatto an’anaviy yuqori bo‘lgan davlat qarzi bilan birgalikda ham Amerika iqtisodiyoti uchun jiddiy muammo yaratmagan. Mamlakat investorlar ishonchidan foydalanmoqda, dollar esa hali ham asosiy jahon zaxira valyutasi bo‘lib qolmoqda. Shunga qaramay, Tramp ushbu model bilan bog‘liq xavflarni muntazam tanqid qilib keladi.

Bridgewater hej-jamg‘armasi asoschisi Rey Dalio CNBC'ga bergan intervyusida vaziyatning jiddiyligi haqida ogohlantirdi. Uning aytishicha, «talab va taklif o‘rtasida jiddiy nomuvofiqlik» yuzaga kelgan. Taqchillik prognoz qilingan 7,2 foizdan pastroq — YAIMning pastroq darajasi, ya’ni taxminan 3-4 foizgacha qisqartirilishi lozim. Buning uchun AQSH o‘z bozorlarida katta miqdorda davlat qarzi qog‘ozlarini sotishi kerak bo‘ladi. Bunday sharoitda, dunyo Amerika dollariga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishi mumkin, deb ta’kidladi Dalio. «Biz ushbu muammoni hal qilish bilan bog‘liq shokka tushiruvchi voqealarning guvohiga aylanamiz», – dedi u.

Movchan's Group investitsiya boshqaruv kompaniyasi asoschisi Andrey Movchan Trampning davlat qarzi muammolarini hal qilish bo‘yicha tashabbusini «iqtisodiyotni tuzatish» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, davlat moliyasini sog‘lomlashtirish fond bozoriga «daydi pullar» oqimini kamaytiradi, chunki ilgari budjet mablag‘larining katta qismi iqtisodiyot rivojiga emas, balki spekulyativ aylanmaga yo‘naltirilgan edi. Qisqa muddatli istiqbolda bu holat talabni pasaytirib, hatto vaqtinchalik retsessiyaga olib kelishi mumkin, ammo uzoq muddatli rejada budjet intizomining tiklanishi iqtisodiyotni mustahkamlab, doimiy pul bosib chiqarishga bo‘lgan qaramlikni pasaytiradi, deb tushuntiradi u.

Yirik investitsiya banklari iqtisodchilari esa o‘z prognozlarini pasayish tomon qayta ko‘rib chiqmoqda. Goldman Sachs yangi savdo cheklovlari tufayli AQSH iqtisodiy o‘sish sur’ati joriy yilda avval bashorat qilingan 2,5 foiz o‘rniga 2,3 foiz bo‘lishini taxmin qilmoqda. Shuningdek, bank iqtisodchilari yaqin 12 oy ichida retsessiya boshlanish ehtimolini 15 foizdan 20 foizga ko‘tardi va agar Oq uy o‘z siyosatini tuzatmasa, bu ko‘rsatkich yanada oshishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Biroq barcha tahlilchilar ham Tramp siyosati albatta retsessiyaga olib keladi deb hisoblamayapti. Nobel mukofoti sovrindori Pol Krugman Amerika iqtisodiyotining pasayishi haqida oldindan keskin xulosa chiqarmaslikka chaqirmoqda: «Ishlar yaxshi ketmayapti, biroq «trampsessiya» bo‘ladi, degan haddan ortiq taxminlardan hazir bo‘lar edim», — dedi u. Berenberg Bank bosh iqtisodchisi Holger Shmiding ham CNBC telekanaliga bergan intervyusida shunday dedi: «Menimcha, AQSH iqtisodiyoti retsessiyaga kirmaydi. Iqtisodiyot, ko‘p jihatdan, Donald Trampga qaramasdan barqarorligini saqlab qolmoqda».

Fond bozorini kelajakda nima kutmoqda?

Prezident Trampning iqtisodiy siyosati retsessiyaga yetaklaydimi-yo‘qmi, fond bozori noaniqlikdan ko‘proq aziyat chekmoqda. Savdo siyosati bilan bog‘liq vaziyat ravshanlashmagunicha volatillik saqlanib qolaveradi.

Morgan Stanley bosh strategi Maykl Uilsonning bashoratiga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida S&P 500 indeksi 5500 punktgacha tushib, hozirgi darajadan yana taxminan 5 foizga pasayishi mumkin. Shunga qaramay, yil oxirigacha bu indeks yana tiklanib, 6500 punktga (+13 foiz) yetish ehtimoli mavjud. Biroq, Uilsonning fikricha, bozorda beqarorlik saqlanib qoladi. U vaziyat yaxshilanishidan oldin yanada jiddiylashishi mumkinligi va 20 foizga yetadigan keskin pasayish — to‘liq bozor qulashini ham istisno qilmaydi. «Biz hozircha bunday nuqtaga yetganimiz yo‘q, lekin vaziyat tezda o‘zgarishi mumkin. Shu sababli ehtimoliy xavflarni hisobga olish muhim», — deya ta’kidlaydi u.

Goldman Sachs tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Trampning Xitoy, Kanada va Meksika bilan bog‘liq har bir 5 foizlik tarif oshirilishi Amerika kompaniyalarining aksiyalardan ko‘radigan daromadini 1-2 foizga pasaytiradi.

Citi iqtisodchilari esa investorlarga amerika qog‘ozlaridan keladigan foydani belgilab olish va kapitalni Xitoy kompaniyalariga o‘tkazishni tavsiya qilmoqda. Ularning fikricha, bozorning cho‘qqi qiymatidan 10 foizga «o‘tirishi» ham AQSH kompaniyalarini tark etish uchun yetarli sabab. Amerika fond bozori «pufak zonasiga» kirgan va investorlarning ayni damdagi asosiy vazifasi risklarni oshirish emas, balki mavjud daromadlarini saqlab qolishga chaqiradi, deb yozmoqda Citi iqtisodchilari.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Goldman Sachs statistikasi shuni ko‘rsatadiki, hozirgi vaqtda xatarning asosiy manbayi nafaqat tariflarning o‘zida, balki ularning beqaror va prognoz qilish mumkin bo‘lmagan tarzda joriy qilinayotganidadir. 5 foizlik har qanday qo‘shimcha tarif S&P 500 kompaniyalari foydasini o‘rtacha 1,5-2 foizga qisqartiradi.

O‘xshash yangiliklar

Mixaylo Podolyak: «Aslida, normal va qulay muzokara jarayoni ketmoqda»
Mixaylo Podolyak: «Aslida, normal va qulay muzokara jarayoni ketmoqda»
Hennadii Minchenko / Ukrinform / Future Publishing / Getty Images AQSH prezidenti Donald Tramp 2025 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tgan inauguratsiyasidan so‘ng, darhol Putin bilan uchrashish niyati
Dunyo 12:33, 28-02-2025
Jiddada Ukraina va AQSH delegatsiyalari nimalarni muhokama qiladi?
Jiddada Ukraina va AQSH delegatsiyalari nimalarni muhokama qiladi?
11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Ukraina va AQSH vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Bu Kiyev va Vashingtonning Oq uyda Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi
Dunyo 15:08, 11-03-2025
Jiddadagi muzokaralar yakunlariga dunyo bo‘ylab qanday reaksiya qilinmoqda?
Jiddadagi muzokaralar yakunlariga dunyo bo‘ylab qanday reaksiya qilinmoqda?
AQSH va Ukraina delegatsiyalari 11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida muzokaralar o‘tkazdi. Vashington vakillari 30 kunlik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishni
Dunyo 18:04, 12-03-2025
Rossiya Ukraina janubini nega bu qadar tez ishg‘ol qilgandi?
Rossiya Ukraina janubini nega bu qadar tez ishg‘ol qilgandi?
2022 yil 24 fevral kuni ertalab soat 4 larda Rossiya armiyasi Ukraina hududiga hujum boshlagandi. Yurish bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda: janub, sharq va shimoldan olib boriladi. Biroq,
Dunyo 13:41, 28-02-2025
Ukraina Amerika qurollarisiz omon qoladimi?
Ukraina Amerika qurollarisiz omon qoladimi?
Foto: Getty Images AQSHning keng ko‘lamli urushning uch yili davomida Ukrainaga ko‘rsatib kelingan harbiy yordami to‘xtatilishi mumkin. Har holda, Amerika prezidenti Donald Tramp bu variantni
Dunyo 21:55, 2-03-2025