Bugun
Xiaomi SU7 uchun xavfsizlik funksiyasi sinovdan o‘tmoqda
+18°
ясно ветер 3.1 м/с, Ю

Muzokaralarda siljish bo‘lmayotgani Trampni g‘azablantirmoqda

Dunyo Kecha, 01:34 3

Muzokaralarda siljish bo‘lmayotgani Trampni g‘azablantirmoqda
AQSH prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yerosti boyliklari bo‘yicha muhim kelishuvdan voz kechmoqchi bo‘layotgani, Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Zelenskiyning legitimligi haqidagi bayonotlari bilan uni g‘azablantirayotganini aytdi. Tramp ikkala tomonni ham muammolar bilan qo‘rqitib, Moskva va Kiyevni muzokaralar stoliga o‘tirishga undadi.

«U [Zelenskiy] nodir metallar bo‘yicha kelishuvdan chiqishga harakat qilmoqda va agar u shunday yo‘l tutadigan bo‘lsa, unda muammolar, katta, juda katta muammolar paydo bo‘ladi», – dedi Tramp o‘z samolyoti bortida jurnalistlarga.

Tramp, shuningdek, Zelenskiy «NATO a’zosi bo‘lishni xohlashini, lekin u hech qachon NATOga a’zo bo‘lmasligini, buni tushunib turgani»ni qo‘shimcha qilgan.

Uning Zelenskiyga tahdidlari Putin manziliga yo‘llangan qattiq tanqididan keyin yangradi. Tramp NBC News telekanaliga bergan intervyusida Putin o‘tgan hafta Zelenskiyning legitimligini yana shubha ostiga qo‘yib, Ukrainada BMT shafeligida vaqtinchalik boshqaruv joriy etishni taklif qilganidan keyin «juda g‘azablangani»ni aytdi.

«Umuman olganda, BMT shafeligida AQSH, Yevropa davlatlari, hamkorlarimiz va do‘stlarimiz bilan Ukrainada vaqtinchalik boshqaruvni joriy etish imkoniyatini muhokama qilish mumkin. Demokratik saylovlar o‘tkazish uchun», – degandi Putin «Arxangelsk» atom suvosti kreyseri dengizchilari bilan muloqot chog‘ida.

Bunga javoban Tramp yakshanba kuni agar Moskva uning Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlariga to‘sqinlik qilayotganini his qilsa, Rossiya neftini sotib oluvchilar uchun 25 foizdan 50 foizgacha «ikkilamchi bojlar» joriy etishini aytdi, deb yozadi Reuters.

«Aytish mumkinki, men qachonki... Putin Zelenskiyning legitimligi masalasiga berilib ketganida qattiq g‘azablandim, juda g‘azabnok edim, chunki bu maqsadga muvofiq emas», – dedi AQSH prezidenti. «[Ukrainada] yangi rahbariyat bo‘lishi yana uzoq vaqtgacha kelishuv bo‘lmasligini anglatadi», – deya qo‘shimcha qildi u.

«Agar biz Rossiya bilan Ukrainadagi qon to‘kilishini to‘xtatish bo‘yicha kelisha olmasak va bu Rossiyaning aybi deb hisoblasam... Men neftga, Rossiyadan keladigan barcha neftga ikkilamchi bojlar joriy qilmoqchiman», – dedi Tramp.

Shuningdek, Tramp Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi uchun Rossiyaga dedlayn belgilashini aytgan.

«Bu psixologik dedlayn. Agar men ular vaqt cho‘zayapti deb topsam, men bu meni mamnun qilmaydi», – deya Trampning so‘zlarini keltirgan The Hill.

Reuters agentligi qayd etishicha, Trampning Putin haqidagi keskin fikrlari uning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun harakat yo‘qligidan hafsalasi pir bo‘layotganini aks ettiradi.

Yanvar oyida lavozimga kirishganidan so‘ng Tramp Rossiyaga nisbatan murosasozlik pozitsiyasini egalladi, biroq bir necha bor Moskvaga yangi sanksiyalar bilan tahdid ham qildi.

O‘tgan hafta boshida Saudiya Arabistonida Rossiya-AQSH maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi, uning yakunlari bo‘yicha Moskva va Vashington Qora dengizda xavfsiz kema qatnovini ta’minlash zarurligi haqida o‘xshash bayonotlar e’lon qildi.

Shu bilan birga, Kreml Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlari eksportiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishni talab qildi. Kiyev sanksiyalarning bekor qilinishiga qarshi chiqdi. Bu masala ochiqligicha qolmoqda.

Reuters muxbiri prezident samolyoti bortidan xabar berishicha, «ikkilamchi sanksiyalar» bilan tahdid qilgan Tramp, keyinroq shunday qo‘shimcha qilgan: «O‘ylaymanki, biz qadam-baqadam o‘sishga erishyapmiz». Shuningdek, u bir oy ichida yangi savdo choralarini joriy etishi mumkinligini aytdi.

Kreml matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov Tramp Putindan «g‘azablangani» haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

«Siz aytgan gaplarning bir qismi qayta ishlab berilgan. Bu qo‘shtirnoq ichidagi iqtibos emas», – deya Peskovning so‘zlarini keltirgan «Interfaks».

U shuningdek Moskva «Amerika tomoni bilan ishlashni davom ettirayotgani»ni qo‘shimcha qilgan.

«Biz Amerika tomoni bilan, birinchi navbatda, avvalgi ma’muriyat davrida juda katta zarar ko‘rgan ikki tomonlama munosabatlarimizni tiklash ustida ishlashda davom etamiz. Biz Ukraina masalasini hal qilish bilan bog‘liq ayrim g‘oyalarni amalga oshirish ustida ham ishlayapmiz. Ish olib borilmoqda, bu haqda sizga xabar qilishimiz kerak bo‘lgan muayyan gaplar hozircha yo‘q. Bu ma’lum vaqtga cho‘ziladigan jarayon», – degan Peskov.

Dam olish kunlarini Palm-Bichdagi (Florida shtati) mulkida o‘tkazgan Tramp NBC News muxbiriga bu hafta Putin bilan gaplashishni rejalashtirayotgani aytgan. Ikki siyosatchi so‘nggi oylarda ikki bor telefon orqali muloqot o‘tkazgani ma’lum, ammo Peskov bunday kontaktlar ko‘proq bo‘lganini istisno etmagan.

Oq uy hozircha Trampning Putin bilan suhbati qachon bo‘lishi mumkinligi va AQSH prezidenti Zelenskiy bilan gaplashishi yoki gaplashmasligiga aniqlik kiritmagan.

Izohlardan birida o‘zi Ukrainada yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirgan va Zelenskiyni «saylovsiz diktator» deb atagan Tramp Putin bilan yaxshi munosabatda ekanini bir necha bor ta’kidlagan.

Trampning navbatdagi keskin so‘zlari shanba kuni kutilmaganda Floridaga tashrif buyurgan Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan birga golf o‘ynashidan so‘ng yangradi.

Bir kun o‘tib finnlar prezidenti Londonga kelib, The Guardian nashriga bergan intervyusida Putin Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish masalasida vaqt cho‘zayotgani tufayli Trampning «toqati toq bo‘layotgani»ni aytgan.

Stubb idorasining xabar berishicha, u Trampga Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish uchun oxirgi muddatni (dedlayn) belgilash kerakligini aytgan. Finlandiya prezidenti 20 aprel sanasini taklif qilgan, chunki o‘sha kuni Tramp prezidentlikka kelganiga uch oy to‘lgan bo‘ladi.

Tramp ma’muriyati Kiyevni foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni qabul qilishga undamoqda. O‘tgan hafta OAV AQSH Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlarisiz Ukrainaning barcha foydali qazilma konlari ustidan deyarli to‘liq nazoratni nazarda tutuvchi yangilangan kelishuv loyihasini Kiyevga taqdim etgani haqida xabar bergan edi.

Zelenskiy Ukraina hujjatni olganini tasdiqladi. Payshanba kuni Parijda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida u yerosti boyliklari bo‘yicha kelishuv shartlari doimiy ravishda o‘zgarib turganidan afsusda ekanini bildirdi.

Kelishuvning yangi matni rasman e’lon qilinmagan, biroq Ukraina siyosatchilari va ommaviy axborot vositalari, shuningdek, G‘arbning yetakchi nashrlari uni o‘z manbalaridan olingan matnlar asosida tahlil qilmoqda.

Umumiy baholar – shok-salbiy baholar – asosan mos keladi. Kelishuvning eng asosiy bandlaridan biri – Ukraina AQSHdan avval ko‘rsatilgan yordamni qarz sifatida tan olishi kerak, deb yozadi BBC Ukraina xizmati.

«Men AQSHda Ukraina umuman qarshi ekanligi haqida hissiyot bo‘lishini istamasdim. Biz doimo ijobiy signallarimizni namoyish etdik», – degan Zelenskiy.

AQSH Savdo vazirligining sobiq yuqori martabali mulozimi, Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazida ishlovchi Uilyam Raynshning Reuters agentligiga aytishicha, Trampning iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llash bilan bog‘liq tizimsiz tahdidlari ko‘plab savollarni, jumladan, Amerika rasmiylari Rossiya neftini qaysi davlatlar sotib olayotganini qanday kuzatishi va isbotlashi mumkinligi haqidagi savollarni javobsiz qoldirmoqda.

Tramp yakshanba kungi yangiliklarga o‘tgan haftada Venesueladan neft yoki gaz sotib oladigan har qanday davlatdan AQSH importiga 25 foizlik boj joriy etish orqali zamin yaratdi. Uning NBC telekanaliga bergan intervyusi Rossiyadan neft sotib oluvchi davlatlardan AQSH importiga qarshi shunga o‘xshash harakatlarni amalga oshirishi mumkinligini taxmin qilish imkonini beradi, bu ayniqsa Xitoy va Hindistonga qattiq zarba berishi mumkin, deya sharhlaydi Reuters.

O‘xshash yangiliklar

Mixaylo Podolyak: «Aslida, normal va qulay muzokara jarayoni ketmoqda»
Mixaylo Podolyak: «Aslida, normal va qulay muzokara jarayoni ketmoqda»
Hennadii Minchenko / Ukrinform / Future Publishing / Getty Images AQSH prezidenti Donald Tramp 2025 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tgan inauguratsiyasidan so‘ng, darhol Putin bilan uchrashish niyati
Dunyo 12:33, 28-02-2025
Nega Tramp Ukraina va Grenlandiya hududiga ko‘z olaytiryapti?
Nega Tramp Ukraina va Grenlandiya hududiga ko‘z olaytiryapti?
Tramp hukumati Ukrainani nodir metallar bo‘yicha shartnoma imzolashga undayapti. Bu Xitoy bilan texnologik gegomonlik paygasida muvozanatni tiklash uchun radikal urunishlardan biridir. Reja
Dunyo 01:49, 27-03-2025
AQSH, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?
AQSH, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?
Jitomir oblastidagi titan kareri. Foto:Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA Rossiya-Ukraina urushida tinchlikka erishish masalasi ko‘p jihatdan nodir yerosti metallarini qazib olish bo‘yicha
Dunyo 20:12, 9-03-2025
Hafta oʻyinlari: «Manchester Siti» «Nyukasl»ga qarshi, «Bavariya» «Bayer» mehmoni
Hafta oʻyinlari: «Manchester Siti» «Nyukasl»ga qarshi, «Bavariya» «Bayer» mehmoni
Foto: Getty images MANChESTER SITI – NYuKASL (15 fevral, 20:00) Kecha «Chelsi» Braytonda yutqazgach, kuchli toʻrtlik uchun da'vogarlarda yangi imkoniyat paydo boʻldi, deyish mumkin. Ayni paytda
Sport 20:10, 15-02-2025
Jiddada Ukraina va AQSH delegatsiyalari nimalarni muhokama qiladi?
Jiddada Ukraina va AQSH delegatsiyalari nimalarni muhokama qiladi?
11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Ukraina va AQSH vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Bu Kiyev va Vashingtonning Oq uyda Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi
Dunyo 15:08, 11-03-2025