Tramp ertaga Putin bilan gaplashishga va’da berdi

Foto: Reuters
AQSH prezidenti Donald Tramp 18 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadagi urushni to‘xtatish haqida gaplashishni rejalashtirayotganini aytdi. Bungacha AQSH va Rossiya rasmiylari Moskvada Tramp «juda yaxshi va samarali» deb atagan muzokaralar o‘tkazgandi. Shu bilan birga, Putin Vashington va Kiyevning vaqtinchalik sulh bo‘yicha taklifini muhokama qilishi uchun shartlarini ilgari surgan.
«Men seshanba kuni prezident Putin bilan gaplashaman. Dam olish kunlari ko‘p ish qilindi», – dedi Tramp jurnalistlarga Floridadan Vashingtonga uchayotgan samolyoti bortida (iqtiboslar Reuters agentligi tomonidan keltirilgan).
«Ko‘ramiz, biz bu urushga chek qo‘ya olamizmi. Balki uddalay olarmiz, balki yo‘q, lekin o‘ylaymanki, bizda juda yaxshi imkoniyatlar bor», – dedi AQSH prezidenti.
O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda qanday yon berishlar ko‘rib chiqilishi mumkinligi haqidagi savolga Tramp shunday javob berdi: «Biz yer haqida gaplashamiz. Biz elektr stansiyalari haqida gaplashamiz» (OAV u Zaporijjya AESni nazarda tutganini taxmin qilmoqda).
«O‘ylaymanki, ikkala tomon, Ukraina va Rossiya allaqachon ko‘p narsalarni muhokama qilgan. Biz allaqachon bu haqda, ma’lum aktivlarni bo‘lishish haqida gapiryapmiz, ular buning ustida ishlamoqda», – deya qo‘shimcha qildi AQSH prezidenti.
Tramp gap aynan qanday aktivlarni bo‘lib olish haqida ketayotgani va bunday kelishuvlar vaqtinchalik bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan.
Kreml vakili Dmitriy Peskov jurnalistlarga shunday dedi: «Ha, bu haqiqatan ham shunday. Seshanba kuni shunday muloqot o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda». U qo‘shimcha tafsilotlarni berishdan bosh tortdi: «Biz hech qachon bunday qilmaymiz, hech qachon voqealardan oldinga chiqib ketmaymiz».
BBC diplomatik muxbiri Jeyms Lendeylning xabar berishicha, Kiyevdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda «tinchlik evaziga yer» tamoyiliga asoslangan uzoq muddatli kelishuv muhokama qilinmayapti. Aksincha, tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan taqdirda, tutashuv chiziqlari qayerdan o‘tishi kerakligi haqida gapirishmoqda, deydi Lendeyl.
Ukraina o‘z hududlari Rossiyaning bir qismi sifatida qonuniy tan olinishiga hech qachon rozi bo‘lmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
Moskva va Jiddadagi muzokaralar
Tramp 11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan AQSH-Ukraina muzokaralarida Ukraina rozi bo‘lgan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifi Putin tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga erishishga harakat qilmoqda. Undan oldinroq, 18 fevral kuni Saudiyaning boshqa bir shahri, Ar-Riyodda AQSH-Rossiya uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi.

Ukrainaga yo‘llangan oxirgi zarbalardan birining oqibatlari
13 mart kuni Putin Moskvada AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffni qabul qildi.
Kreml uchrashuv natijalarini bosiqlik bilan izohladi: Uitkoff Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusi haqida «qo‘shimcha ma’lumot taqdim etgani», Putin esa Uitkoff orqali «Tramp uchun ma’lumot va qo‘shimcha signallar bergani» aytildi.
Tramp esa Kremldagi uchrashuv haqida yanada optimistik fikr bildirdi. «Biz Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan juda yaxshi va samarali muzokaralar olib bordik va bu dahshatli, qonli urush nihoyat tugashi uchun juda yaxshi imkoniyatlar bor», – deb yozdi u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Diplomatik jarayon Rossiya armiyasining Kursk oblastidagi hujumi fonida bo‘lib o‘tmoqda, u yerda Rossiya armiyasi ukrainlar 7 oy davomida ishg‘ol etib turgan Sudja shahrini qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi.
Trampning AQSH prezidenti lavozimiga qaytganidan keyin Rossiya prezidenti bilan ilk telefon muloqoti 12 fevralda bo‘lib o‘tgandi.
Moskva bilan yaqinlashib, AQSH tashqi siyosatini ostin-ustun qilgan Tramp avvalroq Ukrainani Rossiyadan ko‘ra muzokaralar olib borish qiyinroq bo‘lgan davlat sifatida ko‘rsatishga uringandi.
Fevral oyida u Oq uydagi Oval kabinetda prezident Volodimir Zelenskiyni qabul qildi – uchrashuv shov-shuvli tortishuv va muzokaralar barbod bo‘lishi bilan yakunlandi, faqat o‘tgan haftaga kelib delegatsiyalar Jiddada munosabatlarni qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Putin va Trampning ikkinchi telefon muloqoti oldidan Ukraina bo‘yicha har qanday uzoq muddatli tinchlik shartnomasi Moskva talablariga javob berishi kerakligini ma’lum qilgan.
«Biz xavfsizlikning metin kafolatlari ushbu kelishuvning bir qismi bo‘lishini talab qilamiz, – dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushko «Izvestiya» gazetasiga bergan intervyusida. – Bu kafolatlarning bir qismi Ukrainaning neytral maqomi, NATO davlatlarining uni alyans a’zoligiga qabul qilishdan bosh tortishi bo‘lishi kerak. Aslida, aynan shu qoida ko‘rsatilgan bitimlar loyihalarida qayd etilgan».
Ukrainaning NATO va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi masalasi mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan. Shimoliy Atlantika alyansi ham rasman «ochiq eshiklar» siyosatiga amal qiladi, bu esa u yoki bu mamlakatlar blokka qo‘shilish to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qilishi mumkinligini nazarda tutadi.
G‘arb tinchlikparvar kuchlari haqidagi bahs
Buyuk Britaniya va Fransiya Ukrainadagi sulhga amal qilinishini kuzatish uchun tinchlikparvar kuchlarni yuborishga tayyorligini bildirgan, ammo Moskva bu variantni rad etadi.
«NATO kontingentlari Ukraina hududida qanday yorliq ostida joylashtirilishi mumkinligining bizga mutlaqo farqi yo‘q: Yevropa Ittifoqi, NATO yoki milliy darajada, – dedi Grushko. – Har qanday holatda ham, agar ular u yerda paydo bo‘lsa, bu ular mojaro tomonlari sifatida ushbu kontingentlar uchun barcha oqibatlarga ega bo‘lgan mojaro zonasida joylashtirilganini anglatadi».
«Gap qurollanmagan kuzatuvchilar, ushbu kelishuvning ayrim jihatlari bajarilishini kuzatib boradigan fuqarolik missiyasi yoki kafolat mexanizmlari haqida ham bo‘lishi mumkin. Hozircha esa – quruq gap», – deya qo‘shimcha qildi u.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idorasi rahbari Kaya Kallas dushanba kuni Moskvaning pozitsiyasi Ukrainadan tinchlik emas, taslim bo‘lishga erishish istagidan dalolat berishini aytdi.
«Ular taqdim etgan shartlar shuni ko‘rsatadiki, ular aslida tinchlikni xohlamaydi, chunki ular urushda erishmoqchi bo‘lgan barcha yakuniy maqsadlarini shart sifatida taqdim etadi», – dedi Kallas Bryusselda jurnalistlarga.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yakshanba kuni Ukrainada tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish Moskva emas, balki Kiyev hal qilishi kerak bo‘lgan masala ekanini aytdi.
Putin 13 mart kuni Vashington va Kiyevning yarashuv to‘g‘risidagi taklifiga Trampning maxsus vakili Uitkoff bilan uchrashishdan oldin ham izoh bergandi.
«Biz bunga qo‘shilamiz, ammo nozik jihatlari bor», – dedi Putin va qator shartlarni ilgari surdi. Jumladan, u Ukrainaga G‘arb qurollarini yetkazib berishni to‘xtatishni va Ukraina qurolli kuchlariga safarbarlikni to‘xtatishni talab qildi, shuningdek, Kursk oblastida qolayotgan ukrain harbiylari asirga tushishi kerakligini aytdi.
Moskva va Kiyevning yangi diplomatik aloqalari haqidagi xabarlar fonida New York Times gazetasi dushanba kuni AQSH Adliya vazirligi Yevropa rasmiylarini Ukrainaga qarshi tajovuzkor jinoyatlar uchun ta’qib qilish xalqaro markazi tarkibidan chiqishi haqida xabardor qilgani haqida xabar berdi.
Manba: Kun.uz