Bugun
Osiyo Chempionlar Ligasi o'yinlari keyinga qoldirildi
+11°
пасмурно ветер 4.7 м/с, В

Ukraina Belgorod oblastiga yangi hujum boshlagani xabar qilinmoqda

Dunyo
106

Ukraina Belgorod oblastiga yangi hujum boshlagani xabar qilinmoqda
Seshanba kunidan beri Rossiyadagi harbiy manbalar Ukraina qurolli kuchlari quruqlik orqali Belgorod oblastiga hujum uyushtirayotgani haqida xabar bermoqda. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari region shimoli-g‘arbidagi Krasnoyarujskiy rayonida, Kursk oblasti bilan tutashgan nuqtada Rossiya chegara mudofaasini yorib o‘tishga harakat qilmoqda.

Ukraina qo‘shinlari yaqinda Kursk oblastining 2024 yil avgustidan buyon egallab turilgan Sudja rayonining katta qismidan chekindi, ammo Guyevo qishlog‘i yaqinida va R200 Sumi-Yunakovka-Sudja yo‘li bo‘ylab Gogolevka qishlog‘i va Oleshnya nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida Rossiya hududining chegara uchastkalarini ushlab turishda davom etmoqda.

O‘z navbatida, Rossiya armiyasi R200 trassasidan g‘arbda, Novenkoye qishlog‘i yaqinida Ukraina hududining kichik bir qismini egallab olgan. Bu uchastkalarning barchasida Rossiya armiyasi hujum qilmoqda, bu hududlarda janglar to‘xtamayapti.

Rossiya harbiy kanallarida aytilayotgan Ukrainaning yangi hujumlari Kursk oblastida qolgan (Guyevo hududidagi) kichik platsdarmdan taxminan 25-30 km janubi-sharqda kuzatilmoqda.

Bu chalg‘ituvchi zarba bo‘lishi ham, Ukraina qurolli kuchlarining Rossiyaning «Sever» guruhi kuchlarini yoyib yuborishga qaratilgan umumiy strategiyasining bir qismi bo‘lishi ham mumkin. Umuman olganda, bunday hujumlar butun hozirgi harbiy kampaniya uchun xos hisoblanadi.

Bo‘linmalar Sudja hududidan olib chiqilgach, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi ixtiyorida bo‘sh zaxiralar paydo bo‘ldi, Kursk oblastidagi rus guruhi qo‘mondonligi esa hali ham asosiy vazifa – butun Rossiya hududini ozod qilish bilan band.

Rossiya mudofaa vazirligi 18 mart kuni rasmiy ravishda AQSH va Rossiya prezidentlarining telefon suhbati atrofida «salbiy fon yaratish» hamda Donald Trampning «tinchlik tashabbuslarini obro‘sizlantirish» uchun Ukraina soat 5:50 da Belgorod oblasti g‘arbida Demidovka va Prilese aholi yashash manzillari yo‘nalishida «Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarining bostirib kirishga urinishi» amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Rossiya harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, seshanba kuni Ukraina qurolli kuchlari Belgorod oblasti yo‘nalishida besh marta hujumga urinish amalga oshirgan, oxirgisi – soat 17:30 dan 18:45 gacha. Barcha hujumlar qaytarildi, deya ma’lum qildi Rossiya mudofaa vazirligi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Belgorod yo‘nalishidagi hujumlarga 200 nafargacha ukrainalik harbiy xizmatchi va 29 ta harbiy texnika, jumladan, beshta tank, 16 ta zirhli jangovar mashina, uchta muhandislik to‘siqlarni bartaraf etish mashinasi jalb etilgan.

Ukraina Rossiya tomonining bu mavzudagi bayonotlariga rasman izoh bermayapti.

«Kimdir chiqdi, bu kimgadir kimdir qochgandek ko‘rindi, kimdir esa chiqib, boshqa bir burchakda kirdi. Bu bizning strategik qadamlarimiz, maqsadlarimiz mutlaqo tushunarli», – degandi bir kun avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Rossiya harbiylashgan telegram-kanallari ham RF mudofaa vazirligi bayonoti ortidan chorshanba kuni ertalab Ukraina armiyasining Belgorod oblasti g‘arbidagi barcha hujumlari qaytarilganini da’vo qildi, ammo xabarlarda vaziyat murakkabligicha qolayotgani tan olingan hamda Ukraina qurolli kuchlari zaxiralarni olib kelib, yangi zarbalarga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirish berilgan.

Belgorod oblastining Krasnoyarujskiy rayonidagi murakkab vaziyat haqida 18 mart kuni gubernator Vyacheslav Gladkov ham qisqacha aytib o‘tgandi.

Seshanba kuni u telegram-kanalida shunday yozgan: «Krasnoyarujskiy rayonidan qaytib keldim. Bugun u yerda shtab yig‘ilishi o‘tkazildi. Aholimiz xavfsizligini ta’minlayapmiz. Uyma-uy yurishni davom ettiramiz, odamlar bilan suhbatlashamiz. Ha, biz oldindan ogohlantirib qo‘yyapmiz, odamlar o‘z uylarini vaqtincha tark etib, xavfsiz bo‘lishlari uchun shunday qilishimiz kerak».

«Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, vaziyat keskin yomonlashganda va odamlar allaqachon shiddatli o‘qlar yomg‘iri ostida qolganda, biz hech narsa qila olmaymiz», – deya qo‘shimcha qildi Gladkov.

Keyinroq u chorshanba kuni Krasnoyarujskiy rayoniga kirish yopiqligini, yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi xodimlari «aholi kirishiga (o‘tishiga) yo‘l qo‘ymaslik maqsadi»da barcha avtomobil yo‘llarida navbatchilik qilishini ma’lum qildi. «Agar siz ushbu qarorni bajarmasangiz, halok bo‘lishingiz mumkin», – deya ogohlantirgan gubernator.

O‘tgan hafta Rossiya harbiylari o‘tgan yilning avgustidan beri Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida bo‘lgan Kursk oblastidagi Sudja shahrini egallashga muvaffaq bo‘lgandi.

RF mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan Rybar telegram-kanali 20 mart kuni ham mazkur chegara hududda og‘ir janglar ketayotgani, dushman o‘rmonzorlarda mustahkamlanib olgani va rayon markazi Krasnaya Yarugani egallash maqsadidan qaytmayotgani haqida yozdi.

O‘xshash yangiliklar

AQSH va Isroil Eron bilan keskinlikni oshirmoqda
AQSH va Isroil Eron bilan keskinlikni oshirmoqda
AQSH va Isroil rahbarlari Eron atrofidagi keskin vaziyatni muhokama qilishdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. AQSH prezidenti Donald Trampning aytishicha, Eronga qarshi harbiy harakatlar
Dunyo Bugun, 09:07
Jebel Ali porti keskinlik sababli faoliyatini to'xtatdi
Jebel Ali porti keskinlik sababli faoliyatini to'xtatdi
Yaqin Sharqdagi eng yirik konteyner porti hisoblangan Jebel Ali porti mintaqadagi keskinlik sababli faoliyatini to'xtatdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Dunyo Bugun, 08:58
Tramp: Eron yadroviy qurolga ega bo'lishi mumkin
Tramp: Eron yadroviy qurolga ega bo'lishi mumkin
Donald Trampning bayonotiga ko‘ra, Eron ikki hafta ichida yadroviy qurolga ega bo‘lishi mumkin edi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Unga ko‘ra, bu xavfni bartaraf etish uchun AQSH Eronga qarshi
Dunyo Bugun, 08:15
Tramp: Eron ikki haftada yadroviy qurolga ega bo'lishi mumkin
Tramp: Eron ikki haftada yadroviy qurolga ega bo'lishi mumkin
AQSh prezidenti Donald Trampning fikricha, Eron ikki hafta ichida yadroviy qurolga ega bo‘lishi mumkin edi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Trampning aytishicha, aynan shu sabab AQSh Eron bilan
Dunyo Bugun, 07:34
AQSh razvedkasi Xominaiyning joylashuvini aniqladi
AQSh razvedkasi Xominaiyning joylashuvini aniqladi
AQSh va Isroilning Eronga qarshi amalga oshirgan hujumi atrofida yangi tafsilotlar ma'lum bo‘lmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. The New York Times nashri va Reuters manbalariga ko‘ra, AQSh
Dunyo Bugun, 07:33
Isroil 100 Ming Zaxiradagi Harbiyni Safarbar Etadi
Isroil 100 Ming Zaxiradagi Harbiyni Safarbar Etadi
Isroil armiyasi taxminan 100 ming zaxiradagi harbiy xizmatchini safarbar etishga tayyorgarlik ko'rmoqda. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Bu haqda armiya matbuot xizmati ma'lumot berdi.
Dunyo Bugun, 06:51