Kutilmagan xulosa: Fayzullayev Rossiyadan “qochishi” kerakmi!?
Yurtimizning eng yorqin iste’dodlaridan Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 2026 yilgi jahon chempionatining mintaqaviy saralash turniridagi ikkita muhim uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rayotgan pallada Rossiya matbuotida legionerimizning SSKAdagi faoliyatiga oid tahliliy maqola chop etildi.
Xususan, football24.ru sayti ekspertlari SSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich amalga oshirayotgan o‘zgarishlar “armiyachilar”ning oxirgi ikki mavsumdagi asosiy yetakchisi hisoblangan Abbosbek Fayzullayevning o‘yiniga qanday ta’sir o‘tkazganini tahlil qildi.
Fayzullayev Nikolichga kerak emasmi?
SSKA 2025 yilga jadal kirishdi. Chempionatning bahorgi qismida jamoada paydo bo‘lgan yangi yulduzlar sekin-asta avvalgi yetakchilarni ikkinchi planga sura boshladi. Yaqindagina alishtirib bo‘lmas darajadagi o‘yinchi hisoblangan Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer-ligasining oxirgi ikki uchrashuvida 42 daqiqa o‘ynadi. Sankt-Peterburgdagi uchrashuvda 67-daqiqada zahiraga olindi.
Bu holat “endi o‘zbekistonlik yarim himoyachi Marko Nikolichga kerak emasmi?”, degan savollarni tug‘diryapti.
Fayzullayevning yangi vazifasi
SSKAning serbiyalik bosh murabbiyi Nikolich o‘zi va’da berganidek, jamoaning o‘yin sxemasini o‘zgartirdi. Endi jamoa yorqin qanot hujumchilariga tayanmaydi. Fayzullayev esa, aynan mana shu pozitsiyalardagi samarali o‘yinlari bilan nom qozongan. O‘zbekiston terma jamoasida ham u har ikki qanotni yopardi. Abbosbek qanotdan hujum boshlab, markazga ko‘chib o‘tishni yoqtiradi.
Endi SSKAda o‘zi ko‘nikkan o‘yin uslubidan voz kechishi kerak. Nikolich o‘zbek legionerini 8-raqam pozitsiyasida ko‘ryapti. Bu hududda kurash qanotlarga nisbatan ancha jadal kechadi. Ko‘proq boshqotirish va ijodkorlik qobiliyatini ishga solish talab etiladi.
Abbos avval ham 8-raqam pozitsiyasida o‘zini ko‘rsata olmagan va uni yana qanotlarga qaytarishgan.
Qishki yig‘inlar davomida Fayzullayev yangi ampluada o‘zini noqulay his qildi. Qat’iy talablarga moslashish uchun o‘zbek futbolchisida ortiqcha vaqt yo‘q. Qolaversa, u birinchi yig‘inning katta qismini belidagi jarohat tufayli o‘tkazib yubordi.
Vaziyat chatoqmi?
Qishki yig‘inlar doirasida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida Fayzullayev yaxshi o‘ynay olmadi. Ko‘p vaziyatlarni barbod qildi. Himoyalanishda ham zo‘r o‘ynay olgani yo‘q. Yangi joylashuv bo‘yicha Abbos nafaqat raqib jarima maydonchasi yaqinida, balki o‘z jamoasi himoya chizig‘ida ham anchagina ter to‘kishi lozim.
Yig‘in davomida Fayzullayev “Fakel”ga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinini yuqori darajada o‘tkazganini aytish lozim. O‘sha bahsda u golli hujum boshladi, bir pas bilan varonejliklarning himoya chizig‘ini kesib qo‘ydi.
Keyin Sankt-Peterburgda ilk daqiqalardan maydonga tushdi. Fayzullayev bu uchrashuvni barbod qildi, deyolmaymiz, lekin o‘zining eng yaxshi xislatlarini ham ko‘rsatgani yo‘q. Piterliklarning birinchi hujumidayoq markazda xato qildi va raqib o‘yinchisini erkin hududga o‘tkazib yubordi. Goldan Igor Akinfeyev qutqardi.
Hujumda Mantuanga yengilib qoldi. Braziliyalik himoyachi o‘zbek futbolchisini to‘psiz qoldirdi. Abbos o‘nta yakkakurashdan faqat bittasida g‘olib chiqdi. Zarbasi noaniq ketdi. Jamoadoshlariga faol yordam bera olmadi. Raqib jarima maydonchasi atrofida uchta pas berdi, lekin biror marotaba jamoadoshlarini qulay pozitsiyaga chiqara olgani yo‘q. O‘n ikki marta to‘p yo‘qotdi. Oqibatda Nikolich uni 67-daqiqada zahiraga oldi.
“Ximki” bilan Abbos 29 daqiqa o‘ynadi. O‘yinga yaxshi kirishdi. Maydon markazidan golga tortadigan hujum boshladi. O‘zi ham gol uradigan pozitsiyaga chiqdi. “Zenit” bilan bo‘lgan uchrashuvga nisbatan bu gal ancha faol harakat qildi. Lekin bu baribir hamma ko‘rib ko‘nikkan Fayzullayev emas edi. Ilgari u hech bo‘lmaganda bir marta bo‘lsa ham, raqibni aldab o‘tardi. Ana shu dadillik qani endi?
Samarada “Akron”ga qarshi bahsda Fayzullayev 77-daqiqada maydonga tushdi va darvozadan yuqori ketgan birgina zarba bilan ko‘zga tashlandi. Ha, bu gal yakkakurashlarda faollashdi, to‘rttasidan uchtasini o‘z foydasiga hal qildi. To‘rt marta to‘pni olib qo‘ydi. Lekin hujumdagi ishlari ortga ketyapti.
Abbosbek uchrashuvga ta’sir o‘tkazmay qo‘ydi. Nikolichning yangi sxemasida yetakchilik vazifasidan ayrildi. Natijani boshqa o‘yinchilar ta’minlayapti.
Raqobat kuchaydi
Qishki o‘quv-mashg‘ulotlaridan keyin boshlang‘ich tarkibga kirish uchun raqobat kuchaydi. Ayniqsa, maydon markazida. 8-raqam pozitsiyaga uchta da’vogar – Abbosbek Fayzullayev, Matvey Kislyak va Kristiyan Bistrovich bor. Abbosga bu futbolchilar bilan raqobatlashish ancha qiyin. Chunki o‘zbek legioneri ilgari maydon markazida o‘ynamagan, Kislyak va Bistrovich esa, avvaldan tayanch zona o‘yinchilari hisoblanadi. Agar Sasha Zdelar jamoani tark etmaganida Abbosning ishlari yanada qiyinlashardi.
Bistrovich yakkakurashlarda Fayzullayevdan kuchli. Oxirgi ikki uchrashuvda xorvatiyalik futbolchi yetti marta kurashga kirishib, faqat ikkitasini raqibga boy berdi. Himoyada Abbosdan ancha yaxshi o‘ynaydi. Hujum chizig‘iga o‘zbek futbolchisidan to‘rtta ko‘p pas berdi. Darvoza tomon yo‘llagan zarbalari soni ham ko‘p.
Kislyakni ta’riflash shart emas. U bir necha pozitsiyada samarali o‘ynay olishini ko‘rsatib kelmoqda. Shunday ekan, Fayzullayevning SSKAdagi ahvoliga havas qilish qiyin.
Oxiri nima bo‘ladi?
Qishda Abbosbek Yevropada o‘ynash orzusi borligini aytgandi. Misol tariqasida Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga o‘tganini aytgan edi. Shu bois, o‘zbek futbolchisi zahira o‘yinchisiga aylanishga umuman ko‘nmaydi. Har imkoniyatini ishga solishga harakat qilishi aniq.
Fayzullayev ko‘p qirrali futbolchi va SSKAning asosiy aktivlaridan biri bo‘lib qolaveradi. Moskvaga 500 ming yevro evaziga kelgan futbolchining transfer narxi 8 million yevroga ko‘tarilgan. Uning zahirada qolishi Marko Nikolichga jiddiy savollarni tug‘diradi. SSKAga asosiy yulduzlaridan birini zahiraga olishi hech qanday foyda keltirmaydi.
Nahot, Fayzullayevning ketish vaqti kelgan bo‘lsa? Bir yil muqaddam “Bavariya” nazariga tushgan futbolchini endi SSKAning zahira o‘rindig‘i kutyapti. Haqiqatan, Fayzullayev Rossiyadan “qochishi” kerakmi?