
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Sergey Chigodayev yaqinda Qozog‘istonning “Futbol Joli” YouTube-kanaliga keng qamrovli intervyu berdi. Unda u nafaqat o‘zining faoliyati, balki bugungi o‘zbek futbolining eng dolzarb masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixda ilk marta Jahon chempionatiga chiqish ehtimoli haqidagi savollarga atroflicha javob berdi.
Ma’lumki, Sergey Chigodayev bugungi kunning eng mashhur o‘zbek futbolchisiga aylangan va «Manchester Siti» klubida to‘p surayotgan Abduqodir Husanovning birinchi murabbiyi hisoblanadi. U Abduqodirni «Bunyodkor» klubi akademiyasida yetti yoshidan boshlab 16 yoshigacha tarbiyalagan va iste’dodini ochib bergan inson hisoblanadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 5 iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasiga qarshi jahon chempionati saralash bosqichining hal qiluvchi uchrashuvini o‘tkazadi. Ushbu o‘yindagi g‘alaba O‘zbekistonni birinchi marta tarixdagi Jahon chempionatiga olib chiqishi mumkin.
«Agar O‘zbekiston Jahon chempionatiga chiqsa, bu Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga o‘tishi bilan bog‘liq voqeadan ham kattaroq sensatsiya bo‘ladi», — deb ta’kidladi Sergey Chigodayev. Uning fikriga ko‘ra, mamlakatda hamma – futbolchilar, murabbiylar va millionlab muxlislar shu tarixiy voqeani intizorlik bilan kutmoqda. «Bu orzu har bir o‘zbekning qalbida joy olgan. Bunday yutuq mamlakatda futbolni yangi bosqichga olib chiqadi va yosh avlod uchun misli ko‘rilmagan motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi», deya qo‘shimcha qildi u.
Intervyuda shuningdek, Chigodayev O‘zbekistonning yangi avlod futbolchilari haqida ham so‘z yuritdi. Yaqinda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan va butun qit’a e’tiborini o‘ziga jalb etgan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi muvaffaqiyati haqidagi savollarga javob berdi.
«Yaqinda Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan yoshlar terma jamoasi va Osiyo chempioni bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi tarkibidan Yevropaning nufuzli klublarida to‘p tepadigan futbolchilar tez orada chiqishi aniq. Hozir bu futbolchilarga xalqaro darajada “ov” boshlanib bo‘lgan. Hatto mendan ham agentlar va seleksionerlar ma’lumot so‘rab murojaat qilishmoqda», — dedi Chigodayev.
Uning ta’kidlashicha, oldinlari futbol agentlari asosan Afrika qit’asiga borib, yosh va istiqbolli iste’dodlarni qidirar edi. Ammo hozirda ularning diqqat markazi O‘zbekistonga qaratilgan. «O‘zbekiston, ayniqsa o‘smir va yoshlar darajasidagi musobaqalarda erishilgan natijalar sabab, xalqaro agentlar va murabbiylarning diqqat markaziga aylandi. Bu yerda yoshlar orasida haqiqiy iste’dodlar ko‘p va ularga qiziqish katta. Yevropa klublari O‘zbekistondan iqtidorlarni tanlashga jiddiy kirishgan», — deb alohida urg‘u berdi mutaxassis.
Bu holatga yaqqol misol sifatida, bugungi kunda dunyo futbolining eng kuchli klublaridan biri – «Manchester Siti» safida o‘ynayotgan Abduqodir Husanovni keltirish mumkin. Abduqodir ham aynan o‘smirlar va yoshlar darajasidagi xalqaro musobaqalar – Toshkentda bo‘lib o‘tgan 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati va Argentinadagi jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatib, xorijiy klublarning e’tiborini jalb qilgandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishi nafaqat mamlakat uchun katta sharaf bo‘ladi, balki yosh futbolchilar uchun Yevropaga yo‘l ochadigan muhim voqea ham bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa o‘zbek futbolida yangi davr boshlanishini anglatadi.
Shubhasizki, 5 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuv butun mamlakat futbol tarixidagi eng muhim kunlardan biri bo‘ladi. Muxlislar, futbolchilar, murabbiylar – barcha o‘zbek xalqi uchun bu o‘yin nafaqat sport musobaqasi, balki katta tarixiy voqea va orzularning ro‘yobi bo‘lishi mumkin. Xalqaro arenadagi bu tarixiy voqea, ayniqsa, yosh avlod uchun yangi ufqlarni ochishi shubhasizdir.