Bugun
“Real Madrid” jahon chempionatida yulduzlarga boy qaydnoma bilan ishtirok etadi
+26°
небольшая облачность ветер 3.1 м/с, ЮВ

«Meros». Srechko Katanetsga bag‘ishlanadi

Sport
6
«Meros». Srechko Katanetsga bag‘ishlanadi
Bugun to‘y. Bu marosimning o‘ziga xos tanish xususiyatlaridan biri sizga ham tanish – navbati bilan kimdir so‘zga chiqib, goh uni, goh buni maqtaydi, ko‘klarga ko‘taradi. Bugun shunaqa kun, kimni maqtasak ham yarashaveradi va navbatdagisi Srechko Katanes haqida.

Tariximizda ilk marta jahon chempionatiga chiqqan bo‘lsak-da, boshqa bir an’ana bu safar ham buzilmadi – yana mundial saralashini yagona murabbiy bilan o‘tkaza olmadik. So‘nggi bosqichning 6 turi o‘tgach, Srechko Katanes salomatligi bilan bog‘liq muammolari sabab jamoani tark etishga majbur bo‘ldi, uning o‘rniga kelgan Temur Kapadze esa vazifani uddaladi.

Bilasizmi, yangi murabbiylarga doim qiyin. Chunki iste’fo bekorga yuz bermaydi va jamoaga yangi kelgan murabbiy doim ko‘p narsalarni o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi. Aksariyat hollarda murabbiyni iste’foga olib boradigan ikki sabab bor va futbolda biz doim shunday holatlarni kuzatib o‘rganganmiz.

Birinchisi, jamoa o‘yini va natijalar pasayishi, ichki muhit yomonlashishi, futbolchi va murabbiy o‘rtasida ziddiyatlar paydo bo‘lishi va hokazo. Yangi murabbiyga oson bo‘lmaydi. Ha, bosim nuqtayi nazaridan yengil bo‘lishi mumkin, jamoa qanchalik pasaygan bo‘lsa, yaxshi tomonga o‘zgartirish osonroqdek tuyuladi, lekin ulkan mehnat talab qiladi.

Jamoa muvaffaqiyat qozonmagan, demak avvalgi murabbiy qo‘llagan uslub futbolchilarga mos kelmagan, murabbiy yangisini, eng mosini o‘ylab topishi, sinovdan o‘tkazishi kerak. Yomon natijalar tufayli futbolchilarning ham holati yaxshi emas, jamoada o‘ziga bo‘lgan ishonch kam, ozgina muvaffaqiyatsizlik, ozgina o‘yin qovushmasligi ham jamoani sindirib qo‘yishi mumkin. Ularni katta natijalarga qodir ekaniga, yangi uslub natijalar olib kelishi mumkinligiga ishontirish ham oson emas, murabbiydan tajriba va salohiyat talab qilinadi. Biz ko‘p kuzatadigan, eng ko‘p sodir bo‘ladigan iste’folar aynan mana shu sabab bilan yuz beradi.

Shu paytgacha turnir yarmida jamoani qabul qilib olgan avvalgi murabbiylarimizda aynan shu masala doim turardi. Ayniqsa, Mirjalol Qosimovdan so‘rang, u ikki marta shunday vaziyatga tushgan, mag‘lubiyatga uchragan jamoani olib kurashishiga to‘g‘ri kelgan.

Ikkinchisi, butkul teskari holat. Odatda bir murabbiy jamoa bilan barcha muvaffaqiyatlarga erishadi, sovrinlar yutadi va shartnoma muddati tugagani yoki boshqa kattaroq taklif tufayli jamoani tark etadi.

Uning o‘rniga kelgan murabbiy uchun yanada qiyin holat. Ha, jamoa kuchli, endigina sovrinlar yutdi, muvaffaqiyatli mavsumlar o‘tkazdi, ammo xuddi shu yo‘lni davom ettirish osonmi? Butunlay sobiq murabbiyni takrorlashning iloji yo‘q, o‘z uslub va g‘oyalarni tatbiq qilish yanada qiyin – futbolchilarni bunga ishontirish kerak. Axir ular yaqindagina butunlay boshqa uslub va g‘oyalar bilan muvaffaqiyatga erishdilar-ku?

Motivatsiya bilan ham muammolar bo‘ladi – sovrinlar yutgan futbolchilarni qaytadan o‘sha sovrinlar uchun kurashishga undash doim ham oson bo‘lmaydi. Nimanidir o‘zgartirish, ishlab turgan mexanizmni buzish, yaxshirog‘ini taklif qilishga to‘g‘ri keladi. Hammasidan ham qiyini, bosim ham katta bo‘ladi. Cho‘qqida turish qiyin, balki eski murabbiy bilan ham pasayish kutilayotgandi, ammo endi pasayish bo‘lsa, hammasi yangi murabbiydan ko‘riladi. Bosim katta.

Bunday sharoitda jamoaga kelish yanada qiyin, o‘z vaqtida «MYU»da Fergyuson o‘rniga kelgan Moyes, «Inter»da trebl qilgan Mourinioning o‘rniga kelgan Benites, «Bavariya»da Haykenss o‘rniga kelgan Pep Gvardiola qanday tanqidlar ostida qolganini eslang. Umuman, bunday kelish ko‘p hollarda muvaffaqiyatsiz chiqadi, avvalgi yutuqlarni takrorlash imkonsiz bo‘lib qoladi.

Xullas, yangi jamoani boshqarish doim mushkul ish va Timur Kapadze buni uddaladi, vazifani oxirigacha yetkazdi. Unga biroz osonroq bo‘ldi, sababi, unga qoldirilgan meros yuqorida sanab o‘tilgan ikkala vaziyatga ham o‘xshamaydi. Jamoa muvaffaqiyatsizlik girdobida emasdi, yaxshi muhit shakllangan, barcha futbolchilar yagona maqsad uchun yo‘naltirilgan edi. Nimadir o‘ylab topish, yangi uslub topib almashtirish ehtiyoji yo‘q – tayyor, ishlab turgan mexanizmga ba’zi teginishlar qilinsa kifoya.

Ikkinchi holat ham emas. Sovrinlarni yutgan, motivatsion bo‘shliqqa tushib, yangi qonga muhtoj bo‘lgan jamoani qabul qilib olmadi u. Yo‘lga tushib olgan, og‘ishmay oldinga harakatlanayotgan kemada kapitan almashdi, xolos. Biz bilgan ko‘p iste’folardan, jumladan shu paytgacha milliy jamoamizda ro‘y bergan almashishlardan butunlay farqli bo‘lgan hodisa.

Albatta, Timur Kapadze uchun ham bu o‘ziga yarasha sinov, avval ham yozganimdek, bu penalti tepish holatiga o‘xshaydi. Tepuvchida juda katta bosim, u penaltini ishlamagan, agar gol ursa, hamma oddiy qabul qiladi, axir penalti urilishi shart. Ammo adashsa, barcha tanqidlar unga qaratiladi, tayyor yutuqni qo‘ldan boy bergan noshudga aylanadi. Mana shu o‘ta riskli vazifani qabul qilib olgani uchun ham Timurga rahmat aytish kerak, ammo bu maqola Srechko Katanes haqida.

Aynan Katanes ushbu muvaffaqiyatli jamoaning bunyodkori, buni inkor etish qiyin. Aynan Katanes ellikka yaqin nomzodlar ichidan hozir biz uyqudan uyg‘onib ham bemalol sanab beradigan barqaror tarkibni yig‘di. Aynan Katanes juda ko‘p uslublarni sinab ko‘rib, hozircha ish berayotgan va balki bu futbolchilar uchun eng mos va eng ishonchli bo‘lgan sxemani olib kirdi. Aynan Katanes futbolchilarimizga irodani o‘rgatdi, biz kambeklar qila boshladik, hisob qanday bo‘lishidan qat’i nazar muvaffaqiyatli yakun ehtimoli borligiga biz ham ishona boshladik. Eron bilan muhim durang Kapadzening taktik tayyorgarligi bilan sodir bo‘lgandir, inkor etmayman, lekin Eron bilan shunday o‘ynash mumkinligiga ishonch futbolchilarimizda Eron bilan avvalgi uchrashuvlar tufayli paydo bo‘lmaganmi?

Ko‘pchilik aytmoqda – shunchaki, o‘rinlar soni 48 taga yetgani uchun bu sodir bo‘ldi, Katanes o‘ynagan raqiblarni avval ham yutib yurganmiz. Balki to‘g‘ridir, balki agar 32 jamoa formati qolganida qiyinroq raqiblar bilan yana eski hikoya takrorlanishi mumkin edi.

Ammo bu aslida biroz noto‘g‘ri yondashuv. Nega qo‘limizda tayyor faktlar turganda «agar»larga urg‘u berishimiz kerak? Yuqorida meros haqida aytildi, Srechko Katanetsga qanday meros qolgandi? Axir avvalgi jahon chempionati saralashida biz 12 ta kuchli jamoa ichiga ham kira olmagandik-ku? Nega kuchli oltitalikka kirib mundial ishtirokchisiga aylanayotganimizni oddiy holat sifatida qabul qilyapmiz?

Ko‘p tanqidlar jamoamizning himoyaga ko‘proq e’tibor qaratib yuborayotgani uchun bo‘lgan, ayniqsa Qatarga qarshi o‘yin Katanetsning eng muvaffaqiyatsiz qarorlari bilan yodda qolgandi.

Endi qarang, nega Qirg‘iziston bilan ikkinchi o‘yinda uzoq vaqt bir kishi ko‘p o‘ynab ham bittadan ortiq gol ura olmadik? BAA bilan ikkinchi o‘yinning oxirlarida biz gol o‘tkazib yuborishimiz ham mumkin emasmidi? Aytmoqchimanki, hozirgi jamoamiz ham aslida Katanes davridagisidan unchalik farq qilmaydi, biz haliyam o‘ta ehtiyotkormiz, ko‘p narsa o‘zgarmadi. Bu shuni isbotlaydiki, katta o‘zgarishlar bilan emas, aynan Srechko Katanes jamoasi, uning uslubi, g‘oyasi, sxemasi bilan mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik.

Bu yaxshimi, yomonmi, biz bundan kuchliroq o‘ynashga qodirmidik aslida, bilmadim, buni keyingi murabbiylar namoyish qilib berar, albatta, Timur Kapadzega omad tilaymiz, jamoamiz yuqoriroq marralarni zabt etishiga ishonamiz.

Lekin mundial yo‘llanmasi Srechko Katanes jamoasiniki. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Inkor etishga ehtiyojimiz ham yo‘q. Mister Srechko, hammasi uchun rahmat. Umringiz uzoq bo‘lsin.

Qahramon Aslanov

O‘xshash yangiliklar