
O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitishga qarshi himoya tizimida muhim o‘zgarishlar joriy etilmoqda. Bu haqida Upl.uz xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining yangi qaroriga ko‘ra, zo‘ravonlik qilgan shaxslar endilikda maxsus psixokorreksiya dasturlaridan o‘tishga majbur bo‘ladi. Ushbu dasturlar takroriy jinoyatlarning oldini olish, huquqbuzarlarning shaxsiy muammolarini bartaraf etish va ularni jamiyat talablariga samarali moslashtirishga qaratilgan.
Hujjatda psixokorreksiya atamasi shaxsning rivojlanishidagi kamchiliklarni yo‘qotish va insonning psixofiziologik xususiyatlari bilan jamiyat normalari o‘rtasidagi nomuvofiqlikni bartaraf etishga qaratilgan kompleks tadbirlar sifatida ta’riflanadi. Bu ish psixologik-pedagogik usullar orqali amalga oshiriladi.
Zo‘ravonlik qilgan shaxslar uchun tuzilgan koreksiya dasturi bir oy davom etadi va unda odatiy xulq-atvor qoidalarini singdirish maqsad qilingan. Endilikda himoya orderlari berilganda ushbu dasturdan o‘tish majburiyligi ko‘rsatiladi.
Koreksiya rejasi order rasmiylashtirilganidan keyin ikki ish kuni ichida ishlab chiqilishi lozim. Psixologlar zo‘ravonlik qilgan shaxslar bilan maxsus psixokorreksiya metodlari asosida faol ishlaydi, bu esa qayta zo‘ravonlik sodir etilish xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Koreksiya dasturlari quyidagi tashkilotlarda amalga oshiriladi: mahallalarda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha komissiyalar oilaviy nizolarni hal qiladi; ta’lim muassasalari o‘quv jarayonlari va o‘quv muhitidagi nizolarga e’tibor qaratadi; sog‘liqni saqlash muassasalari ishtirokchilarning ruhiy holatini nazorat qiladi; bandlik organlari vaqtinchalik ishsizlik, kasbiy ta’lim va ijtimoiy faoliyatni oshirishga yordam beradi; yoshlar ishlari bo‘limlari esa yoshlar bilan tarbiyaviy ish olib boradi, ularni bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va ish bilan ta’minlash orqali nizolarning oldini oladi. Shuningdek, qaror yangi muhim lavozimni joriy etadi — tuman (shahar) hokimi o‘rinbosari — oilalar va ayollar ishlari bo‘yicha rahbar.
U o‘z vakolatlari doirasida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan zo‘ravonlik qilgan shaxsga nisbatan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar bajarilmagan taqdirda, qonunbuzarliklar yuzasidan mas’ul rahbarlarga majburiy taqdimotlar kiritadi hamda ayollarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasidagi muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.