Superliga 3-turida bizni "olovli" o‘yinlar kutmoqda

FIFA kunlari yakuniga yetgani sababli yana bor e’tiborimiz Superliga bahslariga qaratiladi. 27-29 mart kunlari 3-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Unda juda muhim va markaziy to‘qnashuvlar bor.
27 mart
16:45. “Xorazm” – “Buxoro”
3-turni boshlab beradigan “Xorazm” va “Buxoro” o‘rtasidagi bahs o‘ziga yarasha ahamiyatlidir. Bilasiz, ikkala klub ham pro ligadan Superligaga yo‘l olishdi. “Xorazm” ikkita turdan keyin ikkita g‘alaba qozonib jadvalda peshqadamlardan biri. “Buxoro”da esa bir mag‘lubiyat va bir g‘alaba bor. “Xorazm” bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov o‘z vaqtida “Buxoro”ni ham boshqargan va elitaga olib chiqa olgan. Hozirda Hakim Qayumovich boshchiligidagi “Xorazm” ancha qiziqarli ko‘rinmoqda. Baqoyev jamoasi ham anoyilardan emas. Yaxshi to‘qnashuv bo‘ladi. Hozircha imkoniyatlar teng.
19:30. “Qo‘qon-1912” – “Sho‘rtan”
Ushbu jamoalar ham o‘tgan yili pro ligada o‘ynashdi va bu yil Superligada qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar. Qo‘qonliklar dastlabki ikki turda “Andijon” va “Neftchi”ga qarshi bahslarda durang o‘ynab, ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirdi. “Sho‘rtan” uchun esa chempionat omadsiz boshlandi. Chunki dastlabki ikki turda g‘uzorliklar mag‘lubiyatga uchradi. Hali raqiblar darvozasiga gol ham ura olmagan “Sho‘rtan” Qo‘qonda o‘z omadini izlab ko‘radi. Oldingi ikkita turda qayd etilgan natijadan kelib chiqib va uy faktori inobatga olinganda “Qo‘qon-1912”da imkoniyatlar biroz yuqoriroq ko‘rinishi tabiiy. Anvar Berdiyev boshchiligidagi “Sho‘rtan” ketma-ket uchinchi mag‘lubiyatga rozi bo‘lmasa kerak, qolganini o‘yinda ko‘ramiz.
28 mart
16:45. “Qizilqum” – OKMK
Mirjalol Qosimov ustozlik qilayotgan olmaliqliklar mavsumni muvaffaqiyatli boshladi. Ikkita o‘yin, ikkita g‘alaba. Navbat uchinchi uchrashuvga. “Qizilqum” Nikola Lazarevich boshqaruvida o‘zining o‘yin uslubini shakllantirishda davom etyapti. Navoiyliklar yetakchilarga qarshi yaxshi o‘ynay olishini oldin ham namoyish etishgan. Agar shu faktor inobatga olinsa OKMKga oson bo‘lmasligi tayin. Lekin tajriba olmaliqliklarga qo‘l kelishini ham istisno qilib bo‘lmaydi.
19:30. “Navbahor” – “Andijon”
Bu ikki nom har doim barchaning e’tibori va qiziqishiga sabab bo‘lib keladi. O‘tgan yilgi O‘zbekiston Kubogi finalidagi yorqin o‘yin hamon barchaning yodida. Jiddiy o‘yin va jiddiy to‘qnashuv bo‘ladi. Ikki jamoa fan-klubi alohida mavzu. Shu kuni stadionda “dahshatli” muhit bo‘lishi aniq. Ikkala jamoa muxlislari o‘yinni yanada qizdirishlariga shubha yo‘q. O‘tgan yili oxirgi turda “Andijon” Namanganda 3:3 hisobida jangovar durang o‘ynagan. “Bobur arena”da esa “Andijon” 3:0 hisobida ustun kelgan. Ammo o‘zaro o‘yinlardagi umumiy statistikada “Navbahor” ustun. Biroq navbatdagi vodiy derbisi oldidan statistikalar bir chetga chiqadi. Maydonda ayovsiz kurash kechadi. Imkoniyatlar hozircha teng. Bunday o‘yinni o‘tkazib yuborib bo‘lmaydi.
20:00. “Bunyodkor” – “Surxon”
“Surxon” kutilmaganda chempionatni ikkita mag‘lubiyat bilan boshladi. Ayniqsa, yillar davomidagi tanaffusdan keyin yangi qurilgan Termizdagi arenaga qaytgach, “Xorazm”ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berish - bu jamoa uchun juda alamli. Keyingi raqib “Bunyodkor” ekanini va safarda to‘p surishini inobatga oladigan bo‘lsak, “Surxon”ga qiyin bo‘ladi. Buning ustiga “Bunyodkor” hali yutqazgani yo‘q va o‘z o‘yini bilan yaxshi taassurot qoldiryapti. “Surxon” g‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Ko‘p narsa jamoalarning tayyorgarligiga bog‘liq.
29 mart
18:30. “Nasaf” – “Neftchi”
Qarshida markaziy to‘qnashuv guvohiga aylanamiz. “Nasaf” amaldagi chempion. “Neftchi” esa chempionlikni orzu qilyapti va maqsadi aynan chempionlik. Lekin farg‘onaliklar ikkita turda ikkita durang o‘ynab, qimmatli 4 ochkoni yo‘qotdi. Albatta, bu mavsum boshi, biroq chempionlik uchun kurashadigan jamoa uchun yo‘qotilgan har bir ochko oxirida bilinadi. “Nasaf” bir g‘alaba, bir durang o‘ynadi va bor e’tiborini “Neftchi” bilan uchrashuvga qaratgan. Katta o‘yin bo‘ladi. Agar “Neftchi” yana qoqilsa rahbariyat murabbiyni kechirarmikin, ochig‘i bilmadik. Chunki farg‘onaliklar tarkibi eng qimmati va yulduzlar yig‘ilishgan. “Nasaf” jamoaviy o‘yin bo‘yicha birinchi raqamli. Tajriba borasida esa “Neftchi” tengsiz. Super to‘qnashuvni hamma ko‘rsa kerak.
20:00. “Mash’al” – “So‘g‘diyona”
“So‘g‘diyona” Ivan Boshkovich boshchiligida doimo yaxshi taassurot qoldirib kelgan. Lekin yangi mavsumni jizzaxliklar ikkita mag‘lubiyat bilan boshladi. “Mash’al”ning “Paxtakor”ga qarshi ilk turdagi uchrashuvi qoldirilgan va o‘tgan turda mehmonda “Dinamo”ga 1:0 hisobida yutqazdi. Muborak jamoasini oldinda og‘ir o‘yin kutib turibdi. “So‘g‘diyona” safarda “Mash’al”ni yengish uchun tajribasini ishga solishi muqarrar. Lekin bu uchrashuv “Mash’al” uchun o‘z maydonidagi ochilish o‘yini hisoblanadi va bir necha yildan keyin muborakliklar muxlislar qarshisida Superligada o‘ynaydi. Xullas, maydon egalarini jiddiy imtihon kutyapti.
20:30. “Paxtakor” – “Dinamo”
“Paxtakor” o‘tgan turda portugaliyalik murabbiy qo‘li ostida Superligadagi birinchi mag‘lubiyatini qabul qildi. “Mash’al”ga qarshi qoldirilgan o‘yini bor va “Dinamo” bilan bahs esa “Sherlar”ning Superligadagi ikkinchi uchrashuviga aylanadi. Vadim Abramov boshqaruvidagi “Dinamo” “Paxtakor”ga qarshi ochiq va hujumkor o‘yin taklif qilishini kutsa bo‘ladi. Shu bois o‘yin hujumkor va gollarga boy o‘tsa ajablanmaymiz.