Lactalis chaqaloq suti mahsulotlarini O‘zbekistonda qaytaradi

Fransiyaning yirik sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi Lactalis kompaniyasi O‘zbekistonda sotilgan chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan sut mahsulotlarining ayrim partiyalarini qaytarib olish jarayonini boshladi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu jarayon jami 18 ta mamlakatni qamrab olmoqda. Kompaniya xabar berishicha, dorixona va supermarketlarda sotilgan Picot brendiga tegishli olti partiya mahsulot nazorat ostiga olingan.
Tekshiruvlar davomida ushbu mahsulotlarning xomashyo tarkibida bakterial kelib chiqishga ega sereulid toksini aniqlangan. Ushbu modda bolalarda qusish va ich ketish kabi salbiy alomatlarni keltirib chiqarishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Mazkur chora Fransiyadagi bolalar ovqatlanishi bo‘yicha professional uyushmaning ogohlantiruvidan so‘ng qabul qilingan. Xavf omega-6 ARA ingrediyenti bilan bog‘liq bo‘lib, bu modda xalqaro yetkazib beruvchidan olingani ma’lum qilingan.
Mutaxassislar ota-onalarga mahsulot qadoqlaridagi partiya raqamlarini sinchiklab tekshirishni, shubhali mahsulotlardan foydalanmaslikni va rasmiy xabarlarni kuzatib borishni tavsiya etmoqda. Shuningdek, zarurat tug‘ilganda shifokorga murojaat qilish muhimligi ham eslatib o‘tilgan.
Manba: one.uz



