Bugun
«Roma» so‘nggi daqiqalarda «Sassuolo»ni mag‘lub etdi
+9°
дымка ветер 2.1 м/с, З

Ko‘p qutbli dunyoda – Turkiya va turkiy birlik

Dunyo
149

Ko‘p qutbli dunyoda – Turkiya va turkiy birlik
11-13 aprel kunlari Turkiyaning Antalya shahrida to‘rtinchi Diplomatik forum bo‘lib o‘tdi. “Bo‘lingan dunyoda diplomatiya” nomi ostida o‘tgan anjumanda 21 ta davlat rahbari, 40 dan ortiq tashqi ishlar vazirlari, 70 dan ortiq davlatning martabali mulozimlari, 155 ta davlatdan jami 6 mingdan ziyod siyosatchilar, diplomatlar, ekspertlar va OAV vakillari qatnashdi. O‘zbekistondan Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari Sodiq Safoyev ishtirok etdi.

Forum bekorga “Bo‘linayotgan dunyoda diplomatiya” deb nomlanmadi. Dunyoda bir qutblilik tugab bormoqda. 1990 yillardagi kabi AQSHning salohiyati mutlaq emas. Ko‘p qutblilik shakllanib boshladi. Biroq, hali bir qutblilik yemirilib borayotgan bo‘lsa-da, ko‘p qutblilik shakllanib ulgurgani yo‘q. Bu forum hozirgi global siyosiy, geosiyosiy va geomafkuraviy jarayonlarni muhokama qilish, fikr almashish uchun yaxshi maydon bo‘lib xizmat qildi.

Nima uchun biz o‘zbekistonliklar Turkiyani kuzatishimiz kerak? O‘zbekiston – turkiy dunyoning tarkibiy qismi. Jami oltita turkiy mustaqil davlat bo‘lsa, O‘zbekiston – Turkiyadan keyingi ikkinchi yirik turkiy davlat hisoblanadi. Qolaversa, O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi, post-sovet hududidagi eng yirik turkiy davlat. Biz Chor Rossiyasi istilosiga qadar, ayniqsa, bolsheviklar hokimiyatga kelguniga qadar ajdorlarimizning Turkiya bilan, turkiy xalqlar bilan aloqalari juda kuchli edi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan 1990-yillarning boshida ham biz Turkiya modeliga oriyentir olib boshladik. Biroq, bu yaqinlik ko‘p cho‘zilmadi. Mana, oxirgi 7-8 yilda O‘zbekiston yana turkiy dunyoga, turkiy hamkorlikka, Turkiya bilan munosabatlarni ijobiylashtirishga harakat qildi. Uddasidan chiqdi. Ya’ni, O‘zbekiston jamiyati uchun Turkiya – ikkinchi geosiyosiy oriyentir, Turkiya esa eng muhim do‘st davlat bo‘lib ulgurdi.

Antalya diplomatik forumida juda ko‘plab masalalar, muammolar muhokama qilindi. Eng asosiy masalalar qatorida Suriyadagi vaziyat, G‘azodagi genotsid, Kavkazdagi jarayonlar, Rossiya–Ukraina urushi va muzokaralar, Yaqin Sharqdagi tendensiyalar, Afrika qit’asidagi holatlar, turkiy hamkorlik hamda Markaziy Osiyo davlatlaridagi jarayonlar va loyihalar haqida so‘z bordi.

Forumda Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan alohida panel tashkil qilinib, unda tashkilotga a’zo davlatlarning hamkorligi va bugungi kundagi asosiy masalalar, muammolar, loyihalar haqida ham tahlillar va chiqishlar bo‘ldi. Sodiq Safoyev turkiy dunyodagi qadriyat birligi, dunyoqarash birligiga alohida e’tibor qaratdi, turkiy dunyoda siyosiy va geosiyosiy bo‘linishlar bo‘lmasligi uchun axborot makonining birligi, siyosiy muloqotlar va hamkorlik intensivligi haqida gapirdi.

Turkiy davlatlar tashkilotining bosh kotibi, qirg‘izistonlik Qubanchbek Umaraliyev “bizning tarixiy va o‘zlik birligimizni hech kim olib qo‘ya olmaydi, endi amaliy ishlarga o‘tishimiz va turkiy davlatlarni real loyihalar bilan bog‘lashimiz, birlashtirishimiz kerak” degan fikrlarni bildirdi. Bosh kotib tashkilot doirasida amalga oshirilayotgan katta loyihalar haqida qisqacha bo‘lsa-da gapirib o‘tdi.

Turkiy davlatlar tashkilotining oqsoqollar kengashi raisi, Turkiyaning sobiq bosh vaziri, taniqli siyosatchi Binali Yildirim jurnalistlarning “Xitoyning 'Bir kamar – bir yo‘l' loyihasi Turkiy davlatlarni bog‘lovchi O‘rtayo‘l loyihasiga raqibmi?” degan savoliga: “Markaziy Osiyodan Kaspiy orqali Ozarbayjonga va Turkiyaga bog‘lanadigan O‘rta yo‘l transport koridorining maqsadi, bir tomondan Xitoyni, boshqa tomondan Yevropa Ittifoqini bog‘laydigan asosiy marshrut bo‘lishi kerak” deya javob berdi.

Forumda taniqli amerikalik iqtisodchi ekspert Jeffri Saks chiqish qilib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni tahlil qildi. Saksning aytishicha, Suriyadagi, Yaqin Sharqdagi beqarorlikning eng asosiy aybdori – bu Isroil hisoblanadi. Isroilning maqsadi – Yaqin Sharqni to‘liq qayta formatlash: qaysiki davlat Isroilni tanqid qilsa, uni qo‘llamasa, bu hukumat yoki davlat AQSHning qo‘li bilan yiqildi. Keyingi yillarda oltita davlat AQSHning qo‘li bilan Isroil loyihasi doirasida yiqitildi, beqarorlashtirildi: bular Livan, Iroq, Liviya, Somali, Sudan va Suriya. Saksning fikriga ko‘ra, Yaqin Sharqda Angliya, Fransiya yoki AQSH kabi imperialistik davlatlar qolaverar ekan, bu mintaqada tinchlik bo‘lmaydi.

Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an ham bu forumda chiqish qilib, Turkiya tashqi siyosatini tushuntirdi, Turkiya diplomatiyaga alohida e’tibor berishini aytdi. Erdo‘g‘anga ko‘ra, Turkiya – yangi dunyoda o‘z qutbini yaratish yo‘lidagi davlat, Turkiya hamma bilan do‘stona va teng huquqli munosabatlar quradi. Lekin kimki bosim yoki zulm yo‘lini tanlasa – unga bo‘yin egmaydi, va o‘z haq-huquqlari uchun kurashadi. Turkiya prezidenti, shuningdek, G‘azodagi vaziyatga juda katta e’tibor berdi, “Isroil – terrorchi davlat” degan konsepsiyani keng sharhladi, G‘azodagi genotsid haqida ko‘p gapirdi, jumladan, bolalar, ayollar va jurnalistlar ham ayovsiz o‘ldirilganini qoraladi.

Forumda ishtirok etgan ko‘plab siyosatchilarning fikri bir joyda kesishdi: “dunyo siyosiy maydonida monstrlar davri boshlanayapti” deyishdi. Ya’ni xalqaro huquq zaiflashdi, qonli va savdo urushlari avj ola boshladi, davlatlarning chegaralari beqarorlashib bormoqda. Mana shu fonda, turkiy dunyoning hamkorligi, har doimgidan ham dolzarb ekani ko‘pchilik tomonidan, jumladan O‘zbekiston vakili tomonidan ham alohida urg‘ulandi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

O‘xshash yangiliklar

«Roma» so‘nggi daqiqalarda «Sassuolo»ni mag‘lub etdi
«Roma» so‘nggi daqiqalarda «Sassuolo»ni mag‘lub etdi
A Seriyaning 20-turida «Roma» jamoasi «Sassuolo»ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Rimliklar ikkala golni ham o‘yinning so‘nggi daqiqalarida, ya’ni 77-daqiqadan
Dunyo Bugun, 02:25
AQSh Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolaridan viza uchun garov talab qiladi
AQSh Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolaridan viza uchun garov talab qiladi
AQSh Davlat departamenti yangi tajriba dasturini ishga tushirib, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolari uchun viza olishda 15 ming dollargacha garov puli talab qilishi mumkinligini
Dunyo Kecha, 22:19
Avstraliyada o‘rmon yong‘inlari 350 ming gektarni vayron qildi
Avstraliyada o‘rmon yong‘inlari 350 ming gektarni vayron qildi
Avstraliyaning janubi-sharqiy hududlarida davom etayotgan kuchli o‘rmon yong‘inlari oqibatida inson qoldiqlari topildi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Viktoriya shtati politsiyasi bergan ma’lumotga
Dunyo Kecha, 20:14
Voronejda dron hujumi: bir ayol halok bo‘ldi.
Voronejda dron hujumi: bir ayol halok bo‘ldi.
Rossiyaning Voronej shahrida Ukraina tomonidan amalga oshirilgan dron hujumi oqibatida bir ayol halok bo‘ldi, uch kishi esa jarohat oldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Bu haqda Voronej gubernatori
Dunyo Kecha, 19:34
Isroil va HAMAS o‘rtasida ziddiyatlar kuchayishi mumkin
Isroil va HAMAS o‘rtasida ziddiyatlar kuchayishi mumkin
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi ziddiyatlar yana kuchayishi mumkin. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. G‘azo sektorida janglar qayta boshlanishi ehtimoli borligi haqida The Wall Street Journal nashri Isroil
Dunyo Kecha, 19:27
Grateful Dead asoschisi Bob Veyr vafot etdi
Grateful Dead asoschisi Bob Veyr vafot etdi
Amerikalik taniqli musiqachi, Grateful Dead rok guruhining asoschilaridan biri, 78 yoshli Bob Veyr vafot etdi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi. Ushbu xabarni uning yaqinlari ma’lum qildi. Bob Veyr
Dunyo Kecha, 18:58