
Mashhur “Wednesday” serialining uchinchi mavsumida taniqli fransuz aktrisasi Yeva Grin ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Zamin.uz xabar berdi.
Ushbu serial avvalgi mavsumlarda katta muvaffaqiyatga erishgan bo‘lib, yangi mavsumda aktyorlar tarkibi yanada boyitiladi. Yeva Grin serialda Wednesdayning xolasi va Martisha Addamsning singlisi bo‘lgan Ofeliya Framp obrazini ijro etadi.
Tomoshabinlar Ofeliya Frampni ikkinchi mavsumning final qismida qisqa vaqt davomida ko‘rishgan edi. U o‘sha sahnada Wednesdayga sirli va tushunarsiz xabar qoldirib, muxlislarda katta qiziqish uyg‘otgan edi.
Yangi mavsumda esa uning qiziqarli hayoti va Wednesday bilan bog‘liq voqealar keng yoritilishi kutilmoqda. Ofeliya Framp Addamslar oilasiga xos bo‘lgan ekstrasensor qobiliyatlarga ega.
Ammo uning hayoti murakkab kechgan: bolaligida onasi uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirgan, biroq Ofeliya u yerdan qochib ketib, ko‘p yillar davomida bedarak yashagan. Uchinchi mavsumda uning hayotidagi qiyinchiliklar va Wednesdayga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida batafsil hikoya qilinadi.
Serialning yangi mavsumi ustida ishlayotgan ijodiy guruh avvalgidek Alfred Gof va Mayls Miller boshchiligida faoliyat olib bormoqda. Serialning o‘ziga xos vizual uslubini yaratgan Tim Byorton esa yana bosh rejissyor va ijrochi prodyuser sifatida loyihaga qaytmoqda.
Yeva Grin va Tim Byorton ilgari “Qorong‘u soyalar” filmida ham birga ishlashgan. Shuningdek, aktrisa “Qo‘rqinchli ertaklar” va “Yomon nazar” kabi mistik loyihalarda ham faol ishtirok etgan.
Yangi mavsumda uning mahorati va obrazga bo‘lgan yondashuvi muxlislarni hayratda qoldirishi kutilmoqda.





